Xorijga chiqish pasporti 10 ish kunida tayyor bo‘ladi

2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini (OVIR) rasmiylashtirish tartib-tamoyili bekor qilinib,  xorijga chiqish uchun biometrik pasport (xorijga chiqish pasporti) joriy etildi.

Hozirgi pasportlar bilan xorijga 2021 yilgacha chiqish mumkin bo‘ladi. Shu yilning 1 yanvarigacha rasmiylashtirilgan stikerlar esa ularda ko‘rsatilgan muddatgacha amal qiladi. Endilikda ruxsatnoma yozuvi stikerlari o‘rniga xorijga chiqish pasporti beriladi. 

 Mazkur pasportning ruxsatnoma yozuvi stikerlaridan afzal tomoni uning 10 yil muddatga berilishidir. Ma’lumki, ruxsatnoma yozuvi stikerlari 2 yilgacha amal qilardi. Chet elga tez-tez chiqadigan fuqarolar uchun bu ortiqcha ovvoragarchiliklarni keltirib chiqarardi.

Xorijga chiqish pasportini olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 120 foizi (2019 yil 1 yanvar holatiga 243 276 so‘m)ni tashkil etadi. 16 yoshga yetmaganlar ushbu summaning 80 foizini, ya’ni 162 184 so‘m, O‘zbekistonda yashovchi, ammo fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar esa yoshidan qat’iy nazar eng kam ish haqining 100 foizi (202 730 so‘m)ni to‘lashlari lozim. Xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat bojining qiymati yuqoriligi uning uzoq muddatga berilishi bilan izohlangan. 

Ushbu hujjatning amal qilish muddati 1 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga 2 yil, 1 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lganlarga 5 yil, 16 yoshdan kattalarga 10 yil etib belgilangan. Shuningdek, yangi tartib-qoidaga ko‘ra, 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan qizlar bilan suhbat o‘tkazish tartibi bekor qilingan va ular umumiy asosda xorijga chiqish vizasini olishlari mumkin. 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar xorijga ota-onalari yoki vasiylarning notarial tasdiqlangan ruxsati bilan hamrohsiz chiqish huquqiga ega.

Pasport 10 ish kuni davomida tayyorlanadi.

Xorijga chiqish biometrik pasportlari to‘q qizil rangda bo‘lib, 48 betdan iborat.  Uning varaqlarida yurtimizning tarixiy va arxitektura yodgorliklari aks etgan. Pasport suv belgilari, rangi o‘zgaruvchi bo‘yoq, muarli effekt, metallashtirilgan kimyoviy ip, laminatsiyalashtirilgan plyonka hamda pasport qobig‘iga joylashtirilgan elektron chipdan iborat.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati.