Xorijga chiqish pasportini olishda muammolar bo‘lmaydi

"1996 yildan buyon turmush o‘rtog‘imning pasporti yo‘q. 2017 yilda Samarqand tumanidagi pasport stoliga murojaat qildim. "Samarqand shahriga murojaat qilinglar", deyishdi. Shaharda esa "Samarqand tumanidan olasizlar", deyishdi. Ikki yildan buyon sarsonmiz. Bizga kim yordam beradi?"

"…Bolalar uchun mo‘ljallangan  kinder  pasport olish to‘lovi qancha turadi? Yaqinda farzandimga kinder pasport oldim va 300 ming so‘m atrofida mablag‘ sarfladim. Davlatga to‘lovlardan tashqari turli xil qo‘shimcha rasmiyatchiliklari bor ekan. Bunday holatlar qachon nazoratga olinadi?"

Pasport bilan bog‘liq shunga o‘xshash qirqqa yaqin savol Samarqand televideniyesi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan "Ochiq muloqot" ko‘rsatuviga kelib tushdi. "Ochiq muloqot"ning bu galgi ishtirokchilari – viloyat ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i Davron Norchayev hamda mazkur xizmatning tuman, shaharlardagi mas’ullari bo‘ldi.

Ko‘rsatuvda ta’kidlandiki, joriy yilning 7 yanvaridan buyon boshqarmaga 12 mingdan ziyod fuqarodan xorijga chiqish pasporti olish uchun ariza kelib tushgan. Ayni paytgacha 8 mingga yaqin pasport tayyorlanib, o‘z egalariga tarqatilgan. Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida barcha sharoit yaratilgan. Xususan, uchta uskuna binoning eng yirik zaliga o‘rnatilgan. Bunda fuqarolar rasmiylashtirish jarayonlarini ko‘rib, kuzatib turishadi. Pasport olishga talabgorlarning ko‘pligi bois fuqarolarning navbatda turib qolayotgani ham haqiqat. Buni inobatga olib, Toyloq tumanida ham bitta uskuna o‘rnatib, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtiruvchi punkt tashkil etildi. 31 yanvardan boshlab ushbu punktdan Toyloq, Urgut va Samar­qand tumanlari aholisi foydalanmoqda. Ayni kunlarda ushbu bo‘limga kuniga 150 tagacha murojaat bo‘lmoqda. Yilning ikkinchi yarmidan e’tiboran barcha tuman va shaharlardagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida bittadan shunday uskunalarni o‘rnatish rejalashtirilgan.

Xorijga chiqish pasportini olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 120 foizini tashkil etadi. Ya’ni, 2019 yil 1 yanvar holatiga 243 276 so‘m. Faqatgina 16 yoshga yetmaganlar ushbu summaning 80 foizini, ya’ni 162 184 so‘m, O‘zbekistonda yashovchi, ammo fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar esa yoshidan qat’iy nazar eng kam ish haqining 100 foizini (202 730 so‘m) to‘lashlari lozim. Xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat bojining qiymati yuqoriligi uning uzoq muddatga berilishi bilan izohlangan.

Navbatning ko‘pligi, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida murojaatchilar uchun yetarli sharoitning yo‘qligiga izoh berildi, yaqin oylarda bu borada o‘zgarishlar bo‘lishi ta’kidlandi. Shuningdek, xorijga chiqish uchun fuqaro tomonidan anketa so‘rovlarini to‘ldirishda ayrim shaxslar qo‘yib olgan narx mezonlari, pasport olishda muammolarga duch kelayotgan fuqarolarning savollariga aniq javob berildi.

Gulruh MO‘MINOVA.