Xotini yo‘qolib qolgani haqida ariza qilgan erkak uni o‘ldirib, ko‘mib tashlagani aniqlandi

Jizzax shahri, Navro‘z mahallasida istiqomat qiluvchi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro joriy yil 20 may kuni ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilgandi.

Jizzax viloyati IIB axborot multimedia guruhining bildirishicha, T.Sh o‘z arizasida shu yil 1 may kuni Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Shota Rustavelli ko‘chasidagi uylardan birida doimiy ro‘yxatda turgan, 1965 yil tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i S.M uyidan poytaxtga boraman deb chiqib ketib, qaytib kelmaganini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv boshqarmasining olib borgan tezkor qidiruv-surishtiruv ishlari davomida jinoyat alomatlari topildi. Jizzax shahri, Navro‘z mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan T.B. o‘z ko‘rsatmasida akasi T.Sh. turmush o‘rtog‘i S.M.ni o‘ldirganligi, ayolning jasadi Amir Temur mahallasi hududidagi yer maydoniga ko‘milganligini ma’lum qildi.

Aytilgan joy xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda ayol jinsiga mansub jasad topildi. Tekshiruvlarga ko‘ra, marhumaning o‘limiga «To‘mtoq jism bilan yetkazilgan bosh miya yopiq jarohati» sabab bo‘lgan.

Mazkur holat bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.