Xotinini vahshiylarcha o‘ldirgan er 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Farida oshxonada salkam 10 yildan buyon ofitsiant bo‘lib ishlardi. Shu oshxonaga tez-tez kelib turadigan Eldor buni o‘rgandi. U bilan gaplashdi va turmush qurishgandi. Tabiiyki, xotinining ishi to‘ydan keyin Eldorni g‘ashini keltira boshladi. U ayolini poylaydigan, huda-behuda rashk qiladigan bo‘lib qolgandi.
O‘sha kuni tongda er-xotin ertaga hovlilarida pishirilajak sumalak haqida maslahatlashdi. Yaxshi kayfiyat bilan shirin orzular qilishdi. Farida ishga borib keladigan, Eldor sumalak uchun qozon va o‘choq topib, hovliga o‘rnatadigan bo‘ldi.
Qaniydi shunday davom etganida...
Muqaddam 4 marotaba sudlangan, ikki bor uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinib jazo o‘tagan Eldorning fe’li aynidi. Aslo bir ishga qo‘l urgisi kelmasdan, xotini ishlayotgan oshxonaga bordi. Xotinini erkaklarga xizmat qilib yurganidan g‘azabi qaynadi. Shu yerning o‘zida janjal ko‘tardi.
Farida erini shu dam jahldan tushirishga ko‘zi yetmay shu yaqin atrofda bo‘lgan ota uyiga chopdi.
- Aka, erim oshxonada to‘polon qilyapti. Borib uni aldab uyga olib boring, men hisob-kitobimni qilib ortinglardan yetaman. Yuring, aka, iltimos, shunday qilmasangiz bo‘lmaydi.
Har qancha zarur yumushlari bo‘lsa ham singlisining oh-zoridan o‘tolmagan G‘ayratbek singlisi bilan oshxonaga yetdi. Bu vaqtda kun asrga borib qolgandi. Bir zumda xotinining yo‘qolib qolganidan alamzada Eldor vajohat bilan oshxonada o‘tirardi.
- Qayoqqa yo‘qolding, kimning oldiga borib kelyapsan?! - Xotinini ko‘rib o‘shqirdi u.
- Akamni aytib keldim, sizni kutyaptilar.
G‘ayratbek kuyovi bilan gaplashib tashqariga chiqdi. Kafega o‘tib pivo ichishdi. Salgina hovridan tushganday bo‘lgan kuyovni uyiga boshladi.
- Ishlamasa ishlamas, men ham siz taraf, faqat bugun hisobini qilib bersin. Ertadan chiqmaydi ishga. Yuring biz uyga borib turamiz...
Ularning ortidan yetib kelgan Farida o‘choq-qozonning o‘rnatilmaganini ko‘rib siqildi.
- Ortimdan poylab borguncha shuni qilsangiz bo‘lardi-yu...
Eldorning miyasi qisib qolganday yana xotiniga o‘shqira ketdi.
- G‘azablanmang, Eldorbek, men ham shu yerda qolaman, ertalab erta tursak ulguramiz, yaxshisi ertaroq dam olinglar.
Er-xotinning janjali ichkarida ham to‘xtamadi. Kishini vahimaga soluvchi to‘s-to‘polondan qo‘shni xonada yotgan qayini ham ko‘z yuma olmasdi. Singlisining dodlashi, ayovsiz kaltaklanayotganligini quloqlari unga anglatib turardi. “Yordam bering!!!”.
Bu gap uni xonada qolishiga yo‘l qo‘ymadi. Xonadan uchib chiqdi va singlisining yotog‘ida paydo bo‘ldi. Ahvoldan o‘zini yo‘qotib qichqirdi - “Nima qilib qo‘yding?!”.
Kuyov qo‘lida qon pichoqni ushlagancha turardi. Yuztuban yotgan singil bazo‘r shivirladi, “Aka, do‘x...tir chaq...qiring”.
G‘ofir shoshgancha, qo‘shni devordan qichqirib “Tez yordam” chaqirishlarini aytdi-yu ortiga chopdi. U yetib kelganda Eldor singlisining sochidan ushlab bo‘g‘ziga pichoq tirab turardi.
- Yo‘q! Unday qilma, iltimos! Pichoqni tashla! Tashlaa!!!
Ammo bunday fojialar yuz berishiga, boshingdan musibat yog‘ilishiga bir soniya kifoya. Hozir ham shunday bo‘ldi. Aka yetib kelolmadi.
Er pichoqni tashlamadi, aksincha o‘z ayolining bo‘g‘zidan tortib yubordi...
Shifokorlar kelishganda Faridaning joni uzilib bo‘lgandi.
Sud tibbiy ilmiy-amaliy markazi ekspert xulosasidan: ...marhuma F.Eshjonovaning o‘limi bo‘yin oldi yuzasi chuqur kesilgan. Bo‘yin terisi, teri osti mushaklari, teri osti venalari va ichki venalari, uyqu arteriyasi adashgan nervlari kesilgan jarohatlaridan, o‘tkir massiv qon ketishi va qon yo‘qotish natijasida kelib chiqqan. Bundan tashqari, ko‘krak qafasi chap old yuzasi va ko‘krak qafasi orqa yuzasi ko‘krak qafasiga teshib kirgan jarohatlar o‘ng o‘pka yuqori bo‘lagini sanchilgan-kesilgan jarohati, o‘ng ko‘krak orqa o‘ng yelka sohasi sanchilgan kesilgan, o‘ng qo‘l kafti va chap qo‘l 2-barmog‘i kesilgan jarohatlardan iborat bo‘lib, jarohat sanchuvchi kesuvchi pichoq tig‘ qismi ta’sirida yetkazilgan bo‘lishi mumkin. Dastlab chap ko‘krak sohasiga, u qochishga uringan paytda yurganida yoki yugurganida o‘ng ko‘krak orqa yuzasi va o‘ng yelka sohasiga, oxirida bo‘yin sohasidagi jarohatlar yetkazilgan. Chap ko‘krak, o‘ng ko‘krak orqa yuzasidagi jarohatlar, o‘ng yelka sohasidagi jarohatlar vaqtida mustaqil harakat qilgan bo‘lishi, bo‘yin sohasidagi jarohatdan so‘ng qisqa vaqt ichida o‘lim yuz bergan...”.
Ko‘rinib turibdiki, ayolning bir necha joyiga shafqasizlarcha pichoq urib taskin topmagan er so‘zsiz o‘limga olib keluvchi chorani qo‘llaydi. Tizginsiz, asossiz rashk bir oilani shu tarzda mag‘lub etdi.
Bir yoshgina ayol bevaqt olamdan ko‘z yumdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi sudyasi D.Axmadaliyeva raisligida ko‘rilgan sud majlisi yakuniga ko‘ra, noqobil er O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j”bandi bilan 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Akramjon ARIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti.