Xususiy klinikalar “COVID-19”ga chalingan bemorlarni davolash standartini buzsa, litsenziyasi bekor qilinadi
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan “COVID-19” infeksiyasini aniqlash va davolashda qatnashayotgan xususiy tibbiyot muassasalarining vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtimizda jami 14 ta xususiy klinika koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilmoqda. Shulardan faqat 7 tasi davolashni boshlash uchun sanitariya-epidemiologiya qoidalari va davolash standartlariga rioya qilish bo‘yicha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan shartnoma imzolagan.
“COVID-19” infeksiyasini davolayotgan xususiy tibbiyot tashkilotlarining aksariyatida zarur tibbiy asbob-uskunalar yetishmaydi, tegishli mutaxassislar mavjud emas. Ular orasida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilmasdan ish yuritayotganlari mavjud.
Yig‘ilishda xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyatini monitoring qilib borish, davolash standartlarini buzgan xususiy klinikalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritish bo‘yicha topshiriqlar berildi.