Xususiy-sheriklik asosida tashkil etilgan bog‘chalarda holat qanday?

Viloyat moliya bosh boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida nodavlat maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Oqdaryo tumaniga press-tur tashkil etildi.
- Keyingi yillarda viloyatimizda davlat xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil etuvchilar ko‘payib bormoqda, - deydi viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Orzumurod Mardonov. - Birgina Oqdaryo tumanida 7 ta bog‘cha davlat-xususiy-sheriklik asosida, 115 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sifatida faoliyat yuritmoqda. Ushbu nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 5,3 milliard so‘m miqdorida maqsadli subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi.
Umuman, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda 825 o‘rinli
9 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 22 500 o‘rinli 892 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi.
Jurnalistlar Yulduz Yoqubova rahbarlik qilayotgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi.
O‘tgan yili ish boshlagan mazkur muassasada 25 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda. Dastlab davlat byudjetidan qariyb 41 million so‘m, joriy yilda esa 67 million so‘m miqdorida maqsadli subsidiya mablag‘lari ajratib berilgan.
Press-tur ishtirokchilari tumanning Qirqdarxon massivida davlat, xususiy-sheriklik asosida tashkil etilgan “Shahzodaning bolalik podsholigi” maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bo‘lib, u yerda tarbiyalanuvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Muassasa 2019 yilda 2,5 milliard so‘m investitsiya mablag‘i hisobidan bunyod etilgan. Nodavlat ta’lim muassasasining 100 nafardan ziyod tarbiyalanuvchilariga 12 nafar oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar rus, ingliz tillaridan saboq berishmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.