Yana bankomatlarda naqd pul yo‘q(mi?)
Ayni damda “Asaka bank” , “O‘zMilliybank” va “Aloqabank” viloyat filiallaridagi bankomatlarda naqd pul yo‘q. Buni bizga murojaat qilgan fuqarolar ham ma’lum qilishdi.
Bunday holat Samarqand shahridagi yana bir nechta manzillarda kuzatilgan. “Aloqabank” mas’ullarining aytishicha, “Xumo” kartasida bemalol naqd pul olish mumkin. Ammo “UZCARD” plastik kartochkadagi mijozlar uchun bir soatlardan keyin bankomatlarga pul qo‘yilishi mumkin ekan. Fuqarolar esa bir soatdan keyin naqd pul olish ilinjida bank oldida navbat kutishmoqda.
Markaziy bank viloyat Bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, “Oyning 5-12 va 16-21 sanalarida viloyatimizdagi bankomatlar orqali kuniga 10-12 milliard so‘m naqd pul olinadi va bankomatlarni uzluksiz ta’minlash uchun yetarlicha naqd pul mavjud. Yuqorida keltirilgan bankomatlar aholi gavjum va serqatnov joylarda joylashganligi uchun ko‘p naqd pul yechib olinadi. Bankomatlarga naqd pul qo‘yishga biroz vaqt ketganligi uchun fuqarolarning bankomatda naqd pul olishida muammolar tug‘ilmoqda.
Shunday hollarda fuqarolarning sarsongarchiligini oldini olish uchun fuqarolarga eng yaqin bo‘lgan bankomatlarning manzillari ko‘rsatilgan yozuvlarni havola qilyapmiz”.