"Yangi Margaret Tetcher": Britaniya bosh vaziri lavozimini egallagan uchinchi ayol – Liz Trass Britaniya hukumatini boshqarishga tayyorlanmoqda. Trass saylanishi bilan bir qancha amaldorlar iste’foga chiqa boshlashdi

Liz Trass Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri - partiyaviy ovoz berish natijalariga ko‘ra, u hukmron Konservativ partiya yetakchisi etib saylandi.

U seshanba kuni Britaniya Bosh vaziri lavozimini egallagan uchinchi ayolga aylanadi va Dauning-stritdagi qarorgohiga ko‘chib o‘tadi.

Bir kun avval Buyuk Britaniya Konservativlar partiyasi rahbari saylovi natijalari e’lon qilindi. Tashqi ishlar vaziri Trass 81,3 ming ovoz bilan g‘alaba qozondi. Uning raqibi, sobiq moliya vaziri Rishi Sunaka 60,4 ming ovoz oldi.

«Liz yangi Margaret Tetcher bo‘ladi. Biz muhim o‘zgarishlarni kutmoqdamiz, menimcha, u ularni amalga oshirishga qodir. Bu «Temir xonim»ning qaytishi, deyishmoqda Angliya sharqidagi Norfolk okrugi aholisi.

2019 yilda Tereza Meyning o‘rniga bosh vazir lavozimini egallagan Boris Jonson 7 iyul kuni hukumat a’zolarining ommaviy iste’foga chiqishi ortidan bosh vazir va Konservativ partiya rahbari lavozimini tark etishini e’lon qilgan edi.

Buyuk Britaniya madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport vaziri Nadin Dorris va yana bir qancha amaldorlar Liz Trassning mamlakat bosh vaziri saylovida g‘alaba qozongani e’lon qilinishi bilan iste’foga chiqdi, deb xabar bermoqda Sky News.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi xavfsizlik masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Stiven Makpartlend va Britaniya Vazirlar Mahkamasi kotibiyati xodimi Nayjel Adams ham iste’foga chiqishini ma’lum qildi.

Avvalroq Britaniya ichki ishlar vazirligi rahbari Priti Patel iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozgan edi.