Yangi Soliq kodeksida davlat va fuqaro manfaati qanchalik uyg‘unlashgan?
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliq qonunchiligini imkon qadar soddalashtirish nazarda tutilgan. Quyida kodeksdagi sud bilan bog‘liq o‘zgarishlar haqida fikrlashamiz.
Ta’kidlash lozimki, yangi kodeksda soliq qarzi undiruvini ta’minlashning amaldagi mexanizmi saqlab qolingani holda soliq qarzini debitorlar mablag‘lari hisobidan undirish mexanizmidan voz kechilgan. Shuningdek, soliq to‘lovchining mulkini sud qarori bo‘yicha, lekin soliq to‘lovchi tomonidan soliq qarzdorligi tan olinganda – soliq organining qarori bo‘yicha xatlash mexanizmi joriy etilmoqda.
Soliq qarzini xo‘jalik sub’yektlarining mol-mulki hisobidan ular tomonidan qarzdorlik tan olinganda soliq organi tomonidan undirish, rozi bo‘lmaganida sud qarori asosida qaror qabul qilish huquqini berish, soliq to‘lovchining mulkini begonalashtirishga taqiq qo‘yish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilgan. Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari prinsiplari qayd etilgani holda qonun hujjatlarida bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshilik va noaniqliklarning soliq to‘lovchi foydasiga hal etilishi ham belgilangan.
Bundan tashqari, soliq bo‘yicha nizolarni sudgacha hal etish tartibi ochib berilgan. Soliq bilan bog‘liq huquqbuzarlik turiga qarab javobgarlik choralari belgilanishi bilan birga soliq organlarining ham javobgarligi kuchaytirilgan.
Kodeksning qabul qilinishi soliq qonunchilik normalarini qo‘llashni soddalashtirib, ziddiyatlar va tafovutlarni bartaraf etib, insofli soliq to‘lovchilar huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytiradi.
Kamoliddin TO‘XTAYEV,
Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.