Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining muhim jihatlari nimalarda ko‘rinadi?
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksidagi o‘zgarishlar avvalo, soliq qonunchiligi normalari qo‘llanilishini soddalashtirib, qarama-qarshiliklar va ziddiyatli holatlarni bartaraf etish, soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, insofli soliq to‘lovchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Unda havola qilingan normalar, qonunosti hujjatlarini maksimal darajada kamaytirgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjat sifatida qabul qilinadi. Shu bois loyihada barcha soliqlar bo‘yicha stavkalar belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyihada Soliq kodeksining amaldagi tuzilmasi saqlanib qolgan bo‘lib, uni umumiy va maxsus qismlarga ajratish ko‘zda tutilgan. Ularda soliq ma’muriyatchiligi hamda soliqlarni hisoblash va to‘lashning asosiy qoidalari kabi masalalar o‘rin olgan. Unda nafaqat soliq to‘lovchilarning, balki soliq organlarining javobgarligini oshirgan holda huquqlari va majburiyatlari aniq shakllantirilgan. Nazorat tartiblari soddalashtirilib, soliq tekshiruvlari turlari 13 tadan 3 tagacha qisqartirilmoqda.
Soliq kodeksining yangi tahririda soliqlar va yig‘imlarning soni, turlari, shuningdek, alohida soliq rejimlarini optimallashtirish rejalashtirilmoqda. Xususan, soliqlarning 9 turi ko‘zda tutilmoqda.
Kichik korxonalar (tovar aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan) uchun aylanmadan soliq ko‘rinishidagi alohida soliq rejimi saqlab qolinmoqda. Davlat bojlari, ayrim turdagi tovarlar bilan savdo qilish huquqi uchun yig‘imlar (alkogolli mahsulotlar) va yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun bonus kabi to‘lov turlari Soliq kodeksidan chiqarib tashlanmoqda.
Bundan tashqari, kodeks loyihasida soliq organlarining qonunga xilof ravishda qo‘shimcha soliqlar hisoblagani yoki moliyaviy sanksiyalar qo‘llangani, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar summalari o‘z vaqtida qaytarilmagani uchun javobgarligi oshirilmoqda.
Davlat soliq xizmati organlari bilan soliq to‘lovchilarning o‘zaro munosabatlarini jahon tajribasidan kelib chiqib, yanada yaxshilash ko‘zda tutilmoqda. Bu yo‘lda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga soliq nazoratining shakllari va mexanizmlari takomillashtirilyapti. O‘z navbatida, mazkur amaliy chora-tadbirlar insofli soliq to‘lovchilarga yordam berish, asosiysi, “xufiyona” faoliyat ko‘rsatadigan sub’yektlarni aniqlashga xizmat qiladi.
E.HUSANOV,
Jomboy tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi.