Yangi turistik yo‘nalishlar bo‘ylab info-tur tashkil etildi

Viloyat hokimligi turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan viloyatda faoliyat olib borayotgan 30 dan ortiq turistik kompaniyalar uchun info-tur tashkil etildi.

Samarqand viloyatining hamda turistik kompaniyalarning salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan mazkur info-turda ishtirokchilarga “Sheroz qal’a” arxeologiya yodgorligi, “Soy” restorani va ekoparki, “Zarafshon” milliy bog‘i hamda “Bog‘izog‘on” vino zavodi kabi yangi yo‘nalishlar tanishtirib o‘tildi.

Info-tur ishtirokchilari yangi turistik yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lib, mavjud shart-sharoitlar bilan tanishishdi.

Ishtirokchilar ushbu info-turda taqdim etilgan yangi yo‘nalishlar kelgusida Samarqand viloyatining turistik salohiyatini yanada oshirishiga hamda turistlarning viloyatimizda bo‘lish muddatlarini kamida 3 sutkaga yetkazilishiga zamin yaratishini bildirishdi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.