Yangi uyning eski tashvishlari
Keyingi yillarda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, yillar davomida o‘z boshpanasiga ega bo‘lmagan yurtdoshlarimizning imtiyozli kredit asosida uy sotib olishiga imkoniyat yaratish maqsadida shahar va qishloqlarimizda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar, ko‘p qavatli uylar qurilmoqda.
Avvalgilardan farqli ravishda bu uylarni cho‘ntagi ko‘targan har bir kishi emas, avvalo, haqiqatdan uy-joyga ehtiyojmand kishilar olishi zarurligi belgilandi. Bu borada tegishli nizom va tartiblar ishlab chiqildi. Tuman, shahar hokimliklari huzurida komissiyalar tashkil etildi. E’tiborli jihati, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan uylarning boshlang‘ich to‘lovi davlat tomonidan to‘lab berilmoqda.
Davlatimizning bunday insonparvarlik, bag‘rikenglik siyosati tufayli bugun yuzlab, minglab yurtdoshlarimizning ushalmasdek tuyulgan orzulari amalga oshmoqda. Qalblaridagi armonlarga barham berilmoqda.
Birgina viloyatimizda 2018 yilda qurilgan 2 ming 300 dan ortiq arzon uy-joylarning 251 tasi nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand kishilarga berilgan.
Bu yaxshi albatta. Ammo shundoq ham ko‘ngli yarim kishining bir olam orzu-umidlar bilan erishgan uy-joyidan ko‘ngli to‘lmasa, yangi uyda ketma-ket muammo va kamchiliklar chiqaversa, niyatlari sarob bo‘lib qolmaydimi?
Va’dalar bajariladimi?
Samarqand tumani hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yili yetti massivda 304 oilaga mo‘ljallangan yakka tartibdagi va ko‘p qavatli arzon uy-joylar barpo etilgan. Ularning 12 tasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga berilgan.
Gulobod massivida 120 xonadonga mo‘ljallab barpo etilgan 3 qavatli uylarni ko‘zdan kechirish jarayonida ularning askariyatida qurilish ishlari davom etayotgani, xonadon egalari o‘z uylariga ko‘chib o‘tmagani guvohi bo‘ldik.
– Ko‘zim ko‘rmaydi, uy-joyga muhtojligim tufayli tuman hokimligiga murojaat qilgan edim, – deydi 13-uyda istiqomat qiluvchi Malika Obloqulova. – Rahmat, arizamni qanoatlantirib, ko‘p qavatli uydan ikki xonalisini ajratishdi. Uyning boshlang‘ich to‘lovini homiylar to‘lab berdi. Bundan boshim ko‘kka yetdi. 2018 yil 10 dekabr kuni uyni foydalanishga topshirishdi. Gaz, suv bilan ta’minlanmagani uchun avvaliga e’tiroz bildirdim. Qurilish korxonasi rahbarlari “bir haftada hammasini to‘g‘rilab beramiz”, deyishsa, ishonibman. Qarangki, haligacha va’dasini bajirishmadi. Oshxona va yuvinish xonalarida ham ayrim jihozlar, kommunikatsiya tizimlari ulanmagan.
Tumanning Mirishkor massivida qurilgan namunaviy loyihadagi uy-joylarda ham kamchiliklar kam emas.
– 2018 yil 26 dekabrda uyning kalitini berishdi, – deydi massivdagi 7-xonadon sohibasi Go‘zal Jiyanova. – Bundan xursand bo‘lib, yangi yilni yangi uyda kutib olishni orzu qilgan edik. Gaz, elektr, suv ta’minoti bo‘lmagani uchun bu niyatimiz amalga oshmadi. Tez kunlarda qilib beramiz, degan va’daga ishonib, hujjatlarga qo‘l qo‘yib berganimizdan endi afsusdamiz.
Yangi massiv aholisining ko‘pchiligi “tez orada bitkazamiz”, degan va’daga ishonib, kun sanamoqda.
Toyloqda ikki xil manzara
Toyloq tumanida 2017 yilda 50 ta, o‘tgan yili 85 ta arzon uy-joy qurilib, foydalanishga topshirilgan. Jumladan, Bog‘i chinor mahallasidagi uylarga kishining havasi keladi. Aholi barcha qulayliklarga ega xonadonlarda baxtiyor hayot kechirmoqda. Ular yurtimizda amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatdan, Prezidentimizning ehtiyojmand aholi qatlamiga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligidan mamnun.
– Uyimizda hamma sharoit bor, – deydi II guruh nogironi Sabohat Botirova. – Bunday imkoniyat va qulayliklardan juda xursandmiz. Uyning boshlang‘ich to‘lovini hokimlik to‘lab bergani biz uchun yanada quvonarli bo‘ldi. Qolgan kreditni yillar davomida to‘lashga kuchimiz yetadi. Shunga qarab harakat qilamiz.
Tumanning O‘zbekiston mahallasida esa, afsuski, o‘zgacha manzara. 34 ta uy-joy qurilgan massivdagi yo‘llarni sozlash ishlari yakuniga yetmagan. Ayrim ichki yo‘llarda umuman yurib bo‘lmaydi. Ichimlik suv tarmog‘i tortilmagan.
– Yangi uyda yashayotgan bo‘lsak-da, bu yerda hali muammolar juda ko‘p, – deydi Feruza Najimova. – Gaz quvurlari tortilgan, lekin gaz yo‘q. Elektr chirog‘ining ham tez-tez o‘chib turishi sabab uylarimiz sovib ketadi. Bolalarim sovuqda kasal bo‘lib qolmasin, deb uyni ko‘mir va elektr pechi bilan isityapmiz. Suvni ham mahalladagi qishloq oilaviy poliklinikasidan tashib keltiramiz.
“Kamolot”da muammolar bor
Pastdarg‘om tumanining Kamolot massivida 2017 yilda 2 sotixli 13 ta arzon uy qurilib, foydalanishga topshirilishi kerak edi. Bir necha yildan buyon ijarada yashab yurgan yosh oila bekasi Ozoda Murodova ham 2018 yilni o‘z xonadonida kutib olishini o‘ylab, ich-ichidan sevinardi.
– Yurtimizda birinchi marta shunday arzon uy-joylar qurilgani uchun o‘sha yili ko‘p qurilish tashkilotlari ishni dekabrga qoldirmay bajarib, uylarni o‘z egalariga topshirganini televizorda ko‘rib hayajonim ortardi, – deydi O.Murodova. – Bizga ham yaqin kunlarda uyimizning kalitini berishar, deb o‘ylardim. Afsuski, massivdagi 13 ta uy qurilishini o‘z zimmasiga olgan Samarqand shahridagi “216-son qurilish ta’mirlash korxonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilishni belgilangan muddatda bajarmadi. Bir necha marta murojaatlarimizdan keyin qilgan ishi ham sifatsiz bo‘ldi. Tegishli tashkilotlar, hokimlikka murojaatlarimizdan so‘ng 2018 yil yanvar oyi oxiridagina uyga ko‘chib kirdik. Shunda ham qurilishning chala yumushlari bor edi. Haligacha ularni tuzatish bilan ovoramiz. Sifatsiz bo‘lgani uchun bir oy o‘tmay santexnika jihozlari ishdan chiqdi, o‘zimiz yangisiga almashtirdik. Endi xonalarga o‘rnatilgan eshiklar ochilsa yopilmaydi, yopilsa ochilmaydi. Yosh va ehtiyojmand oilalarga qaratilayotgan alohida e’tibor uchun biz davlatimizdan, Prezidentimizdan minnatdormiz. Lekin zimmasiga olgan mas’uliyatni his qilmaydigan, “mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish tutadigan quruvchilar bu harakati bilan odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazayotganini bilarmikan? Ularning bunday o‘zboshimchaligiga huquqiy baho beriladimi?
Darvoqe, uy egalarining aytishicha, “Kamolot”dagi uylarni topshirish bo‘yicha dalolatnomalar haligacha rasmiylashtirilmagan, ular hech qanday hujjatga imzo qo‘ymagan. Bu esa uy-joylarni rasmiylashtirish va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Santexnika jihozlarini quruvchi qo‘yishi kerakmi yoki xaridor?
Payariq tumanida qurilgan ayrim uy-joylarda aftidan uy egasi bu jihozlarni o‘rnatadi. Sarbozor mahallasidagi uyda yashovchi yolg‘iz ona Dilshoda Sharipovaga ikki qavatli 16 xonadonli uylardan berilgandi. Ammo o‘rnatilgan santexnika jihozlari sifatsiz.
- Yangi uy uchun 143 million so‘mga shartnoma tuzib, boshlang‘ich badalni to‘ladik, - deydi D.Sharipova. – Ammo bir kun ham yashamasimizdan o‘rnatilgan santexnika jihozlari ishdan chiqdi. Buning ustiga ayrim jihozlar umuman qo‘yilmagan. Natijada, o‘zimiz bozordan gaz va suv jihozlari, jo‘mraklar xarid qildik, hammom uchun o‘rnatilgan isitish moslamasi, kirish eshiklari sifatsiz. Quruvchi ishni to‘liq bajarmasa bunga kim javob beradi?
– Uylarni sifatli qurish va vaqtida topshirish bo‘yicha eng munosib 11 ta quruvchi bilan shartnoma tuzilgan, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Shavkat Toshpo‘latov. – Yangi uylarni imtiyozli xarid qilish istagini bildirgan 450 nafar nomzod orasidan tuman komissiya a’zolari tomonidan o‘rganib chiqilib, eng munosiblariga uylar berildi. Uy qurilishida sifatsiz jihozlardan foydalangan va qurilish me’yorlariga amal qilmagan quruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinadi.
Tuman hokimligi mas’ullarining ma’lumotlariga ko‘ra, uy qurilishida ishlatiladigan eshiklar, framuga oynalar va boshqa asosiy turdagi 26 xil mahsulotni «Qishloq qurilish invest» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi injiniring kompaniyasi yetkazib beradi, quruvchi esa uyga shu mahsulotni o‘rnatadi.
Agar berilgan jihozlar bilan uy quriladigan bo‘lsa sifatni kim nazorat qiladi? Xo‘sh, «Qishloq qurilish invest» bu masalaga oydinlik kiritadimi?
“Ehtiyojmand”larning uyida ijarachilar yashamoqda
Yangi uy-joylar qurilishi, kommunikatsiya tarmoqlari tortilishi va massivlar obodonchiligi bilan tanishish jarayonida yana bir jihat e’tiborimizni tortdi. Ya’ni uy-joyga ehtiyojmand oilalar uchun qurilgan va aynan ushbu toifadagi kishilarga berilgan yangi uylarning ayrimlarida ijarachilar yashamoqda yoki uylar bo‘m-bo‘sh turibdi.
Misol uchun, Toyloq tumanida yangi qurilgan bir nechta xonadonga kirganimizda bu yerda yashovchilar mazkur uylarda pul to‘lab, ijarada turishini aytishdi. Pastdarg‘omda ham ana shunday “ijarachilar” bir nechta ekan.
Samarqand shahrida 2017 yilda 405 xonadonli 9 ta ko‘p qavatli uy qurilgan edi. Bu uylar shahar hokimligi huzuridagi komissiya tomonidan bir necha ming nafar arizachi orasidan haqiqatdan ham uy-joyga muhtoj oilalarga taqsimlangandi. Afsuski, bugun “Baxtli hayot” deb nom berilgan bu mahalladagi ana shu ko‘p qavatli uylarda ham ijarada turganlar bisyor. Hech kim yashamayotgan xonadonlar ham bir nechta.
Savol tug‘iladi, axir bu uylarni olganlar shu paytgacha bitta hovlida siqilib qolgan, ijarada yashayotgan, boshpanasiz oilalar emasmidi? Rostdan ham shunday bo‘lsa, ular nega o‘z oshyonlariga kelib hayot kechirmayapti? Uyini ijaraga beradigan odamning kamida bundan boshqa yana bitta o‘z uyi bo‘lishi kerak-ku?!
Shu kabi savollarni komissiyaga bersangiz, har bir uyga talabgorlardan zarur hujjatlar to‘plangani va bu hujjatlar komissiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, xulosa berilganini aytadi.
Yoki qurilish ishlarini sifatsiz bajargan qurilish tashkiloti qanday qilib tenderda yutib chiqib, bu jarayonga qo‘shildi? Axir tenderda tashkilotning qancha aylanma mablag‘i, qanday texnikasi borligi, u yerda kimlar ishlashi kabi jihatlar hisobga olinmaydimi? Qurilish jarayonida-chi? Mablag‘ni qayerga, qanday sarflayotgani nazorat qilinmaydimi?
Xullas, savol ortidan savol yuzaga kelib, surishtirib boraversangiz, muammolar zanjirdek tiziladi. Mas’uliyatni zimmasiga oladigan tashkilot esa kam – hamma bir-biriga tashlaydi...
Uyi borning – o‘yi yo‘qmi?
Bu savol keyingi paytda ko‘p takrorlanayapti. Chindan ham, har bir inson, avvalo, o‘z uyiga ega bo‘lishni, oilasi, farzandlari bilan baxtli hayot kechirishni istaydi. Baxtni ham ana shu mezon bilan o‘lchaydi.
Xo‘sh, bu muammolar qayerdan, qanday kelib chiqmoqda? Qanday bartaraf etish mumkin? Yechim bormi? Quruvchilar nima deydi?
Barcha tumanlarda quruvchi bilan gaplashar ekanmiz, ular masala yuzasidan munosabat bildirishni istamadi. Ammo namunaviy arzon uylar qurish bilan shug‘ullayonuvchi korxonasi nomini aytmagan, ismini ochiqlamagan holda mavjud muammolarning asl sabablarini oshkor etdi:
– 18 turdagi asosiy mahsulot «Qishloq qurilish invest» tomonidan beriladi. Sifatlimi, sifatsizmi, barchasi sertifikat bilan keladi. Misol uchun, uyingizga rakovina (qo‘l yuvgich) qo‘yildi. Sizga buning sifati yoqmasa, buni qurilish korxonasi almashtirib kelmaydi. Aholining norozi bo‘lib, shikoyat qilgani foydasiz. Biz sifatli jihoz qo‘yishni istagan taqdirimizda ham buni qila olmaymiz. Borini qo‘yamiz. Shuni ham aytish kerakki, qurilish korxonasi uyda gaz, elektr energiyasi yoki ichimlik suvi keltirib bermaydi. Bu bo‘yicha shikoyatlarni noto‘g‘ri demayman. Bor gap va to‘g‘risi, bunday uyda yashab bo‘lmaydi. Ammo qurilish korxonasi uy ichidagi sharoit va jihozlarni o‘rnatadi, xolos. Qolgani bizning ishimiz emas. Kommunal xizmatlarni o‘z vaqtida ulashni mahalliy hokimlik nazorat qilish kerak. Aslida ayrim uylarda devorlardagi chiziqlar, yoriqlarning paydo bo‘lishi ham shu bilan bog‘liq. Uy foydalanishga topshirilishidan oldin devorda pardoz ishlari amalga oshiriladi. Ammo xonadagi isitish tizimi bo‘lmagach, havo haroratining keskin pasayishi ham yoriqlarga sabab bo‘ladi.
Afsuski, muammolar yuzasidan viloyat «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasidan izoh ololmadik. Ammo mazkur idorada bo‘lganimizda qator fuqarolarning namunaviy uylaridagi sifatsizliklarda norozi bo‘lib kelishganiga guvoh bo‘ldik.
Nafsilambrini aytaganda, Prezidentimiz xalqimizning uy-joyga bo‘lgan juda katta ehtiyojini, joylarda yuzaga kelayotgan aksariyat muammolar ushbu masala bilan bog‘liq ekanini har bir chiqishida ta’kidlaydi. Ushbu jihatlar hisobga olinib, shahar va qishloqlarda odamlarning to‘lov imkoniyati yetadigan darajada arzon, imtiyozli kredit asosida beriladigan uy-joylar qurish ko‘lami kengayib bormoqda. Bu ishlar bugun o‘z samarasini berib, qisqa vaqtda minglab yurtdoshlarimiz hayotida tub o‘zgarishlar bo‘lganini ham barchamiz ko‘rib turibmiz.
Yangi uy ostonasida hayotidan rozi bo‘lib, sevinch ko‘z yoshlari bilan minnatdorlik bildirayotgan onaning, nogironligi tufayli boshqalar oldida yelkasini qisib yuradigan otaning o‘z uyida bolalari ertasidan ko‘ngli to‘lib turganini hech birimiz befarq kuzatolmaymiz. Odamlarning ana shu quvonchu shodligiga hissa qo‘shishga har birimiz burchlimiz-ku! Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlashdek ulug‘vor, olijanob maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga ana shu mezon bilan munosabatda bo‘laylik.
«Zarafshon» gazetasi muxbirlari tomonidan tayyorlandi.