Yanvar oyida bank kartalaridagi 5,2 trillion so‘m mablag‘ aholi tomonidan naqdlashtirib olingan

Markaziy bank 2021 yil yanvar oyi uchun naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharhini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, 2021 yil yanvar oyida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 32,1 trillion so‘mni tashkil etgani holda 2020 yil yanvar oyiga nisbatan 7 foizga oshdi.

Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 17,0 trillion so‘mni, chiqim qilingan naqd pullar 15,1 trillion so‘mni tashkil etdi.

Joriy yilning yanvar oyida banklar kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2020 yil yanvar oyiga nisbatan 6,7 foizga oshishi kuzatilgan bo‘lsa, mazkur holat asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 1,7 trillion so‘mga (1,5 barobar) o‘sishi hisobiga yuzaga keldi.

Natijada banklardan berilgan naqd pullar tarkibida bank kartalaridan yechib olingan naqd mablag‘lar ulushi 25 foizdan 35 foizga yetdi.

2021 yil yanvar oyida bank kartalariga jami 15,9 trillion so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 5,2 trillion so‘mlik (32,8 foiz) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.