Yaponiya bilan aloqalarimiz yanada mustahkamlanadi
Avval xabar qilganimizdek, bugun Samarqand temir yo‘l vokzali orqali Yaponiyaning Nara shahri meri (hokimi) Motonobu Nakagava boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari E.Rajabov kutib oldi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Delegatsiya a’zolari dastavval, Samarqand shahar hokimligida bo‘lib, shahar hokimi B.Obloqulov bilan uchrashdi. Tadbirda ikki shahar rahbarlari o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, turizm, madaniyat sohasi hamda oliy ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari faoliyati bo‘yicha fikr almashdi. Uchrashuvda Samarqand hamda Nara shahri o‘rtasida shu mavzularga asoslangan memorandum imzolandi va mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mehmonlar ikki kunlik tashrif davomida Samarqand shahridagi tarixiy qadamjolarda va oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib, "Sharq taronalari" XII xalqaro musiqa festivalida ham ishtirok etadi.