Yaponiya Bosh vaziri Rossiya bilan Janubiy Kuril orollari muammosini hal qilish niyatida
Yaponiya Bosh vaziri Yesixide Suga Rossiya bilan hududiy muammoga nuqta qo‘yish niyatida ekanini ta’kidladi. Bu haqda 26 oktyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.
Tokio Kunashir, Shikotan, Iturup va Xabomai orollariga da’vo qilmoqda va u yerlarni o‘zining shimoliy hududi hisoblamoqda.
“Buni kelajak avlodga qoldirmasdan, shimoliy hududlar muammosiga chek qo‘yish kerak. Rossiya bilan yuqori darajadagi samimiy fikr almashish orqali biz Yaponiya-Rossiya munosabatlarini har tomonlama rivojlantirishga, shu jumladan, tinchlik shartnomasini tuzishga intilamiz”, dedi Suga mamlakat parlamentida qilgan chiqishida.
Sugidan oldingi Bosh vazir Sindzo Abe Rossiya bilan faol muloqot olib bordi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 27 marta uchrashuv o‘tkazdi. 2018 yilda Singapurda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Abe, Yaponiyaning to‘rtta orolni qaytarib berishni talab qiluvchi asosiy yo‘nalishidan chekindi va SSSR – Yaponiya qo‘shma deklaratsiyasi asosida Moskva bilan muzokaralar olib borishga rozi bo‘ldi. Mazkur deklaratsiyada faqat ikkita, Xabomai va Shikotane orollarini qaytarib berish to‘g‘risida so‘z boradi.
1956 yilda SSSR va Yaponiya o‘rtasida qo‘shma deklaratsiya imzolangan. Unga ko‘ra, Moskva tinchlik shartnomasi tuzilganidan so‘ng ikkita orolni qaytarib berish ehtimolini ko‘rib chiqishi kerak. Biroq Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng Rossiya va Yaponiya o‘rtasida hozirgi kunga qadar tinchlik shartnomasi tuzilmagan. Ushbu masalada Moskvaning da’vosi shundan iboratki, Ikkinchi jahon urushi yakuniga binoan orollar SSSR tarkibiga kirgan va Rossiyaning ular ustidan suvereniteti, shubhasiz.