Yaponiyada jazirama tufayli 4 mingga yaqin odam kasalxonaga yotqizilgan
Mamlakatda 3-9 iyul kunlari jazirama tufayli kamida 3964 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatkich o‘tgan haftaga nisbatan 737 kishiga ko‘pdir. Bu haqda seshanba kuni Yaponiyaning ma’muriy ishlar va kommunikatsiyalar vaziri Takeaki Matsumoto ma’lum qilgan.
"Jabrlanganlarning yarmidan ko‘pi keksalardir. Biz aholini issiqlik urishiga qarshi kurashda asosiy chora-tadbirlarni ko‘rishga, jumladan, yetarli miqdorda muntazam suv iste’mol qilishga chaqiramiz", - degan vazir.
Yaponiyada eng issiq ob-havo odatda iyul va avgust oylarida sodir bo‘ladi. So‘nggi kunlarda mamlakatning ko‘plab hududlarida 35 darajadan yuqori harorat qayd etildi. Yaponiyada har yili issiqlik urishi o‘n minglab odamlarning kasalxonaga yotqizilishiga olib keladi va yuzlab o‘limlar qayd etiladi.