Yaponiyaga nimalar eksport qilishimiz mumkin?

Mamlakatimizda Yaponiya investitsiyasi ishtirokidagi 10 ta va 1 ta to‘liq yapon kapitalidagi korxona faoliyat yurityapti.

Korxonalar asosan neftgaz, neftkimyo va kimyo sohalari, energetika uskunalari, mashinasozlik va mashinatexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, transport-logistika xizmatlari ko‘rsatish, savdo, turizm va boshqa sohalarga to‘g‘ri keladi.

BMTning statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Yaponiyaning jami importi 606,9 milliard dollarni tashkil qilgan. Ahamiyatlisi, Yaponiya importining 25 million dollarga yaqini O‘zbekiston hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mahsulotlarning asosiy qismini neft va neftkimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat, elektrotexnika va metallurgiya mahsulotlari tashkil etadi.

Xo‘sh, biz-chi? Biz Yaponiyaga qanday mahsulotlarni eksport qilsak samara beradi?

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, Yaponiya bozoriga mahalliy mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirish imkoniyatlari mavjud. O‘rganishlarga ko‘ra, Yaponiya bozoriga yengil sanoat mahsulotlarini 530 million dollargacha, kimyo va neftkimyo sanoatida 450, metallurgiyada 230, oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 210 million dollarga yetkazishimiz mumkin. Buning uchun ishlab chiqarishni kengaytirib, kuchli marketingni yo‘lga qo‘yishimiz, milliy mahsulotlarimizni namoyish etuvchi ko‘rgazma-yarmarkalar tashkil etib, tadbirkorlar ishtirokini ta’minlash, shuningdek, Tokio shahrida doimiy ishlaydigan savdo uylari va shou-rumlari tashkil etishimiz lozim. Mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirib ularning tannarxini pasaytirishimiz ham eksport salohiyatimizni oshirishga yordam beradi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yaponiyada import qilinadigan qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari, jumladan, tovuq go‘shti va tuxumning qadog‘i va markirovkasiga juda kuchli sanitar va texnik talablar o‘rnatilgan. Bunda asosiy e’tibor mahsulotning sifat ko‘rsatkichlariga, xususan, ekologik sofligi, komponentlar miqdori, ozuqaviy xususiyatlariga qaratiladi. Mamlakatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari olib kirilayotgandagi umumiy talab karantin xizmatlarini mahsulot olib kirilayotganligi to‘g‘risida oldindan ogohlantirish, tekshiruvdan o‘tish va import karantin sertifikatini olish hisoblanadi.

O‘.XUDOYBERDIYEV tayyorladi.