Yaponlar: Maktabimiz, ish joyimiz ozoda, tartibli bo‘lsa, ko‘nglimiz tinch, ishimiz samarali bo‘ladi

Yaponlarning mashhur “Gakko Soji” (maktab tozaligi) deb ataladigan an’anasi aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez uchrab turadi. “Gakko Soji” - Yaponiyada o‘quvchilar guruh-guruh bo‘lib o‘z sinfini, maktabini tozalaydigan, qadriyatga aylanib ulgurgan jarayon. Ko‘pincha bu an’anaga nisbatan xulosa chiqarishga ikkilanamiz. Chunki bu Sharq madaniyatida bolaning yanada mas’uliyatli fuqaro bo‘lib o‘sishiga imkon beradigan yaxlit amaliyot deb tan olingan bo‘lsa-da, G‘arb dunyosida ko‘pchilik tomonidan bu amaliyotga bolalarga nisbatan qilingan zo‘ravonlik deb qaraladi.

“Gakko Soji”da ishtirok etayotgan yapon bolalari nega bunchalik xursand?

Aksariyat mamlakatlarda tozalash ishlari bolalar uchun onasidan televizor ko‘rish yoki ko‘chaga chiqib o‘ynab kelishga ruxsat olish uchun to‘lanadigan tovon vazifasini o‘taydi.

Yaponiyada esa o‘zining uyini, sinfini, maktabini tozalash bolalar hayotining va ta’limining bir qismidir. Maktablarning bolalar tomonidan tozalanishi hukumatning topshirig‘i emas. Lekin har bir maktab bu an’anani milliy g‘oyaga aylantirgan. Yapon bolalari maktabni toza saqlashni ularning hayoti va madaniyatining bir qismi deb biladi va bu ishni sidqidildan bajaradi. Ularning shiori oddiy: “Agar biz ma’lum bir makondan foydalanayotgan bo‘lsak, bu joyni toza saqlash bizning burchimizdir. Maktabni tozalash nafaqat hukumatning, balki o‘quvchilarning ham tashvishidir”.

Tozalik birodarlikka ham yo‘l ochadi...

Birinchi sinf o‘quchilaridan tashqari barcha o‘quvchilar sinflarini tozalaydi, hatto, sinfdoshlariga tushlik tayyorlaydi. Farroshlar faqatgina bolalar uchun qiyin bo‘lgan ishlarnigina qilishadi. Bolalarga tozalash ishlari o‘qituvchilar tomonidan taqsimlab beriladi. O‘qituvchilar ishni adolat bilan taqsimlashga harakat qiladi. Yuqori sinf o‘quvchilari quyi sinf o‘quvchilari bilan sheriklikda ishlaydi. Bu hatto, oilada yolg‘iz farzand bo‘lgan yapon bolasida ham birodarlik ko‘nikmasini shakllantiradi, bolaning komunikativligini oshiradi. Tozalash amaliyoti ularning shaxs sifatida rivojlanishiga, namunali fuqaro bo‘lib yetishishiga ham yordam beradi.

"Yaponiya ta’limining asosiy maqsadi o‘quvchini jamiyatning to‘liq integratsiyalashgan a’zosi bo‘lib yetishishiga ko‘maklashishdir", deyiladi yapon ta’limiga bag‘ishlangan "Bolalar hayotiga nazar" kitobida.

Atrofimizni va o‘z tanamizni toza saqlash ongimizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

"Bizni o‘rab turgan muhit, tabiat qanchalik toza, yashab turgan uyimiz, o‘qiyotgan maktabimiz, ishlaydigan joyimiz qanchalik ozoda, tartibli bo‘lsa, ko‘nglimiz shunchalik tinch, ishimiz esa samarali bo‘ladi", deydi yaponlar.

O‘quvchilar yoshligidan odamlarga g‘amxo‘r bo‘lish, ularni hurmat qilish, tevarak-atrofni doimo toza saqlashga, tabiatni sevishga o‘rgatiladi.

Bunday ko‘nikmaga ega bolalar esa jamiyat muammosini individual muammo sifatida qabul qilishga, tabiat, jamiyat uchun qayg‘urishga, muammolarga yechim izlashga o‘rganadi.