“Yaroqlilik muddati - abadiy”: Hech qachon aynimaydigan mahsulotlar

Qazishmalar davomida arxeologlar tomonidan bir necha marotaba topilgan xumchalar yoki boshqa idishlardagi asal ming yillar davomida saqlanganligiga qaramay, iste’mol qilish uchun yaroqli bo‘lib chiqdi.

Dunyoda asalarilar mahsulidan tashqari, saqlash muddati deyarli abadiy bo‘lgan boshqa mahsulotlar ham bor.

Asal

 Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, agar asalga boshqa bir ingrediyent, xususan, suv qo‘shmasdan asl holida qoldirilsa, mahsulot abadiy saqlanishi mumkin. Gap shundaki, asal atrof-muhitdan namlikni yutish qobiliyati - gigroskopiklik deb ataladigan g‘ayrioddiy xususiyatga ega. Aslida boshqa oziq-ovqatlar ham aynan namlik tufayli buziladi.

- Ma’lum bir mahsulotning buzilishiga olib keladigan chirish va shunga o‘xshash jarayonlarda ishtirok etadigan bakteriyalar va boshqa mikroorganizmlar asal muhitida omon qolmaydi, - deydi Kaliforniya universiteti Asal va changlatish markazi tadqiqotchisi Amina Xarris. - Shuningdek, asalning yuqori kislotaligi organizmlarning uzoq yashashiga yo‘l bermaydi.

Guruch

 

Uzoq yillar davomida iste’mol qilinadigan bo‘lib qolishi uchun guruchning jigarrang emas, balki oq silliq donalarini sotib olish lozim. Jigarrang guruchning qobig‘ida juda ko‘p namlik bor, shu sababli uni olti oydan ortiq saqlamaslik kerak. Oq guruchni esa 30 yil davomida iste’mol qilish mumkin.

Yuta universiteti mutaxassislari shunday xulosaga kelishdi. Shu olimlar, agar guruch kislorodsiz taxminan 4,5 daraja haroratda yopiq qopqoqli idishlarda saqlansa, mahsulot o‘nlab yillar davomida iste’molga yaroqli bo‘lib qolishi mumkinligini aniqladilar.

Tuz va shakar

 

Ushbu ikki mahsulot ham vaqtdan qo‘rqmaydi. Albatta, aynigan tuz yoki shakarni tasavvur ham qilish qiyin. Nam muhit tufayli bakteriyalar va mikroorganizmlarning ko‘paya olishini hisobga oladigan bo‘lsak, tuz va shakarning bitta umumiy dushmani bor – bu ham bo‘lsa namlik.

Lekin bu mahsulotlar tegishlicha saqlansa, ko‘p yillar davomida iste’molga yaroqli bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, tuz osongina namlikni o‘zlashtirib, shunchaki toshga aylanadi va xohlagan paytda bo‘laklanib, iste’mol qilinishi mumkin.

Sirka

 

Sirka sayyoradagi eng qadimiy moddalardan biridir. «Eat By Date» nashriga ko‘ra, oq sirkaning yaroqlilik muddati hech qachon tugamaydi. Shu bois, uning konservalarda ishlatilishi ham bejiz emas. Bir shisha sirkani zaxira sifatida olib qo‘yishga qaror qilgan kishi, uni germetik yopilishini buzmasdan, moddani yorug‘lik va issiqlikdan uzoqroq, qorong‘u, salqin joyda joylashtirishi kifoya.

Loviya

 

Amerika Brigama Yang xususiy universiteti xodimlari oddiy quritilgan loviya ham abadiy mahsulot sifatida tasniflanishi mumkinligini aniqladilar. Ko‘p yillik izlanishlar natijasida dukkakli mahsulotning hatto 30 yildan keyin ham aynimasligi va uni zararsiz iste’mol qilish mumkinligi aniqlandi.

Chinor siropi

 

Massachusets shtatidagi chinor (zarang) siropi uyushmasi a’zolarining fikriga ko‘ra, AQShda juda mashhur sharbat o‘zining asl qiyofasini abadiy saqlab qolishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sirka idishi kabi sirop shishasini qattiq yopish tavsiya etiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, siropni sovutkichda yoki undan ham yaxshiroq muzlatgichda saqlash maqsadga muvofiq. U hech qachon muzga aylanmaydi va uni istalgan vaqtda ochib, eritmasdan iste’mol qilish mumkin.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.