Yil yakunigacha oilaviy tadbirkorlarga 156 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratiladi

Samarqand viloyatida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2020 yil yakuniga qadar yana 156 milliard so‘mdan ko‘proq imtiyozli kreditlar ajratish va natijada 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Joriy yilda viloyatdagi 71 ta ekportyor korxonaga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 480 milliard 176 million so‘m kredit ajratildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasi sub’yektlarining aylanma mablag‘lari uchun zarur kreditlarni o‘z vaqtida ajratish bo‘yicha pandemiya davrida, mart-iyun oylarida 4 570 tadbirkorlik sub’yektiga 551 milliard 288 million so‘m mablag‘ ajratildi. 3 ta meva-sabzavotchilik klasterining loyihalariga 9,4 milliard so‘m kreditlar berildi.

2020 yilning o‘tgan davrida ajratilgan kreditlar bo‘yicha Tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida 1 952 tadbirkorlik sub’yektiga ajratilgan 878 milliard 4 million so‘mlik kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya, 128 tadbirkorlik sub’yektiga ajratilgan 127 milliard 666 million so‘mlik kreditlar bo‘yicha kafillik berildi.

Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini yumshatish, bu davrda aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan o‘tgan davrda 7 735 ta tadbirkorlik sub’yektining 1 trillion 396 milliard so‘mlik kredit qarzdorliklarini to‘lash muddatlari joriy yilning 1 oktyabriga qadar uzaytirildi.

Shuningdek, viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 151,9 mingdan ortiq jismoniy shaxslarning 444 milliard so‘mlik kreditlari bo‘yicha kredit ta’tili berildi.

Jasur BAHRIYeV,

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasining tijorat banklarida davlat maqsadli dasturlari ijrosini monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.