Yog‘och tiladigan tegirmon, qimmatbaho chinni chirog‘i

Sarlavhani o‘qib, yog‘och tiladigan tegirmon ham bo‘lar ekanmi, deb hayron bo‘lishingiz tabiiy. Negaki, ko‘pchilik faqat un tegirmonni biladi-da. Ammo qadimgi ustalar shamol energiyasidan boshqa maqsadlarda ham foydalanishni yaxshi bilishgan.

Masalan, Gollandiyada un tegirmonidan tashqari, bo‘yoqchi, yog‘ ishlab chiqaruvchi – juvoz, yog‘och tiladigan tegirmonlar bo‘lgan. Aynan Peterburgda Gollandiyada kemasozlikni o‘rganib kelgan Pyotr I chizmasi yordamida yog‘och tiladigan shamol tegirmoni qurilgan.
Gollandiyaning Zaanse Sxans qishlog‘ida hozirgacha qog‘oz ishlab chiqaradigan tegirmon saqlanib qolgan. Uning qog‘ozlari sifatli bo‘lgani uchun asosan eksport qilingan. Aytishlaricha, Amerikaning mashhur “Mustaqillik deklaratsiyasi” aynan ana shu golland qog‘ozida bosilgan ekan.

***

Ko‘pchilik qadimiy buyumlari bo‘lgan odamlar xonadonida katta boylik saqlanayotganini xayollariga ham keltirishmaydi. 2008 yilda Londondagi bir oilada shunday bo‘ldi.
Ular xonadonida 40 yildan buyon saqlanib kelayotgan stol chinni chirog‘i juda qimmatli ekanini bilishmasdi. Boshqa bir oila uni ko‘rib bu yaxshigina zamonaviy mashina narxida sotilishi mumkinligini aytadi.

Xuddi shunday bo‘lib chiqdi. Antikvar ko‘rgazmasida bu chinni stol chirog‘i XVIII asrda yasalgan bo‘lib, u Sin sulolasiga tegishli ekanligi va uni 50 000 funt-sterlingga sotishi mumkinligi ayon bo‘ldi.
Biroq hozircha, chinni chiroq egalari bu pulga rozi bo‘lishgani yo‘q, ular qadimgi antikvar narxi hali yanada oshishi mumkinligini bilishadi-da!

T.Shomurodov tayyorladi.