Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilarni ogohlantiradi!
Hurmatli yo‘l harakati ishtirokchilari!
Kelayotgan hafta davomida respublikamiz hududida ob-havoning keskin o‘zgarishi, qor yog‘ishi va avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil bo‘lishi, havo haroratining keskin sovib ketishi kutilmoqda. Bu esa yo‘l harakati qatnashchilari uchun bir qator noqulayliklarni keltirib chiqarishi, yo‘l-transport hodisalari sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ayniqsa, kunduz kuni qor va muzning erishidan hosil bo‘lgan suvlar tungi vaqtda qayta muzlab sirpanchiq hosil qilishi mumkinligini unutmang.
Biz barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish paytida murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishi, zarurat bo‘lmaganda tungi vaqtlarda harakatlanmaslik, ayniqsa, tezlik talablariga qat’iy amal qilishni, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lish, kattalardan yo‘llarda bolalarning harakatini nazoratga olishni so‘raymiz.
Yo‘llarda harakatlanayotgan haydovchilardan yanada hushyorroq bo‘lish, yo‘lga chiqishda yetarlicha miqdorda yonilg‘i zahirasiga ega bo‘lish, isitish tizimi, oyna tozalagichlari nosoz bo‘lgan, yaroqsiz shinalar o‘rnatilgan transport vositalaridan foydalanmaslikni so‘raymiz.
Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot xizmati.