Yo‘l-transport hodisalari soni kamaygan. Biroq...

Viloyat IIB YHXB boshlig‘i Shavkat Boyxo‘rozov tomonidan bu haqda aniq raqamlar keltirildi.

Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisalari joriy yilning 9 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 98 taga yoki 11,9 foizga kamaygan. Buning uchun 2419 ta yetishmaydigan yo‘l belgilari, 393 ta yo‘naltiruvchi ustunchalar, 2420 pogonometr 1-toifali muhofazalovchi to‘siqlar o‘rnatilgan. Shuningdek, 57,9 kilometr piyodalar yo‘lagi qurilgan 69 ta joyda (40 ta maktab oldida) sun’iy notekisliklar yaratilib, 23 ta yangi piyodalar o‘tish joyi, 4 ta yangi yer osti piyodalar o‘tish joyi, qurilgan. Jami 34 ta joyga svetofor o‘rnatilgan.
Tumanlar va shaharlardagi aholi gavjum hududlarga, piyodalar o‘tish joylariga piyodalar boshqaradigan 12 ta svetofor o‘rnatilib, 4 ta piyodalar svetofori ta’mirlangan. Aholi punktlaridagi 24 ga yaqin yo‘llar sun’iy yoritilgan.
Biroq bu hammasi ko‘ngildagidek, degani emas. Oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Misol uchun, aqlli svetoforlar, shuningdek, bunday moslamalarni quyosh panellari asosida ishladiganlarini o‘rnatish masalalari mavjud.

Hodisa 7 tadan 1 tasi shaharda
Samarqand shahar hududida jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida asosiy ko‘chalarga Ichki ishlar vazirligi tomonidan 67 ta «Hikvision» rusumli PTZ «360» videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Ular viloyat IIBda tashkil etilgan «Vaziyatlar markazi»ga integratsiya qilinib, masofadan boshqarilib, nazorat qilinadi.
Biroq o‘tgan 9 oy davomida qayd etilgan 709 ta yo‘l-transport hodisalarining 119 tasi Samarqand shahar ko‘chalarida sodir etilgan bo‘lib, ularning 11 tasi o‘lim bilan yakunlangan. Birgina shu raqamning o‘ziyoq Samarqand shahar hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda yangi ish tutishni taqozo qilmoqda.
Misol uchun, Samarqand shahri hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llari va ko‘chalarida 3.24 «Yuqori tezlik cheklangan » (60 km /soat ) yo‘l belgilarini o‘rnatish zarurati yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari, tonggi va kechki tig‘iz paytlarda Motrid qo‘rg‘oni va Dahbed yo‘li oralig‘ida harakatni har ikki qatnov qismida bir tomonlama qilish zarur.

Oqibat emas, sabab muhim ...
Ta’kidlanishicha, 9 oyda 724 ta yo‘l-transport hodisalari qayd etilgan. Oqibatda 648 kishi turli darajadagi tan jarohati olgan. Achinarlisi, YTH sabab 35 bola bevaqt hayotdan ko‘z yumgan.
Tahlillarga ko‘ra, avtohalokatlarning 31 foiz yoki 226 tasi to‘qnashuv bo‘lgan. Yo‘l transport hodisalarining katta qismi 44,5 foizi yoki 322 tasi soat 16:00-24:00 oralig‘ida sodir bo‘lgan.
Yo‘l transport hodisalarining 33,8 foizi yoki 245 tasi belgilanganmagan tezlikka rioya qilmaslik oqibatida yuz bergan. Kelib chiqish sabablari orasida qarama qarshi yo‘nalishga chiqish (13,9 foiz) va oraliq masofani saqlamaslik (11 foiz) muhim o‘rin egallaydi.
Xalqaro avtomobil yo‘llarida 29 foiz yoki 211 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Har bir ishtirokchi muhim
Aslida har birimiz yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda asosiy javobgar sifatida YHXB xodimlari deb bilamiz. Shuningdek, bunda haydovchilarning talab va qoidalarga amalga qilish muhim sanaladi. Biroq piyodalarning ham tegishli mas’uliyati va javobgarligi borligiga ko‘pda e’tibor qaratilmaydi.
Balki shu sabab o‘tgan 9 oyda piyodalarning qoidabuzarliklari sabab 56 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan.
- Bu kabi qoidabuzarliklarning oldini olish uchun doimiy ravishda korxonalar-tashkilotlar, ta’lim muassasalari, mahallalar va aholi gavjum bo‘ladigan joylarda profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda, - deydi Sh.Boyxo‘rozov. Shu bilan birga YPX xodimlari tomonidan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 15-22-bandlari talabini buzgan 16 623 nafar piyodalar aniqlanib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasiga asosa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Yoqubjon Marqayev.