Yo‘l-transportida sodir etilgan qonun buzilishlar uning ishtirokchilari bilan birga muhokama etildi
Samarqand viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida “Juma - yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti kuni” munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan birga «O‘zavtotrans» agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi hamda avtokorxonalar rahbarlari, avtobus va taksi haydovchilaridan vakillar ishtirok etdi.
Dastlab boshqarma boshlig‘i A.Nosirov o‘tgan hafta davomida viloyat hududida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar, yuz bergan yo‘l-transport hodisalari tahliliga to‘xtaldi.
- Jumladan, o‘tayotgan haftaning juma kunida o‘tkazilgan «Avtopatrul» reyd-tadbiri davomida viloyat hududida 1769 ta qoidabuzarlik qayd etildi, - deydi A.Nosirov. - Shundan, 813 tasi qo‘pol tarzda, 92 tasi spirtli ichimliklar iste’mol qilgan holatda, 53 tasi tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqarish, 248 tasi odam tashish va 74 tasi quvib o‘tish qoidalarini buzish, 3 tasi boshqaruv paytida telefondan foydalanish va 274 tasi yo‘l belgilariga rioya qilmaslik qoidabuzarliklaridir. Ushbu qoidabuzarliklar bo‘yicha aybdor shaxslarga qonuniy choralar ko‘rildi, 171 ta transport vositasi jarima maydoniga qo‘yildi.
Shundan so‘ng hafta davomida Samarqand shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transportidagi qoidabuzarliklarning ayrim holatlari aks etgan videoroliklar namoyish etildi. Unda har bir holat mutaxassis, mutasaddi hamda ushbu qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchilar tomonidan ko‘rib chiqildi va tahlil qilindi.
Ta’kidlandiki, garchi 2018 yilda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarda 1214 marotaba profilaktik suhbat va uchrashuvlar, “O‘zavtotrans” agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda 882 marta reyd va nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 6768 ta noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan avtoulov boshqaruvchilariga, 1684 bor avtobusni boshqarishda qo‘pol qoidabuzarlik sodir qilgan haydovchiga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan bo‘lsa-da, ularning yo‘llarda harakatlanishida kutilgan natija bo‘lmayapti. Bu esa yo‘lovchi, shaxsiy avtomobil egalarining haqli e’tiroziga, qolaversa Samarqand shahriga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar va turli xalqaro tashkilot vakillarida salbiy fikr uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda.
Yig‘ilish davomida qoidabuzar haydovchilarga zarur ko‘rsatmalar berildi, transport vositalarini kundalik texnik, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratish, nosoz va talabga javob bermaydigan yo‘lovchi tashuvchi transport vositalaridan foydalanmaslik bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, yo‘lovchi tashuvchi avtobus va taksilarni tozaligi hamda haydovchilarning tashqi ko‘rinishiga alohida e’tibor qaratish, yo‘lovchi tashish va muloqotga kirishishda ulargat nisbatan madaniyatli bo‘lishlari uqtirildi.
Ravshan NAMOZOV,
Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot guruhi rahbari.