Yong‘inda 5 yoshli qizchaning jasadi topildi
Buxoro shahrining Maxtumquli ko‘chasidagi uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘inni o‘chirish vaqtida uy egasining 2014 yilda tug‘ilgan qiz nabirasining kuygan holdagi jasadi topildi. Bu haqda DYoXX xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 23 dekabr kuni soat 00 dan 48 daqiqa o‘tganda ushbu uyda yong‘in bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv qismiga xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Bo‘linmalar chaqirilgan manzilga 9 daqiqada yetib borgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 01:05 da qurshab olingan va soat 02:15 da to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida yashash uyining 45 kvadrat metr maydonida tomi, shifti va ichki jihozlari yonib zararlangan. Saqlab qolingan maydoni 150 kvadrat metrni tashkil etgan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi isitish qozoni dudburonining noto‘g‘ri o‘rnatilgani taxmin qilinmoqda.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.