Yo‘qlov: Barot Nodir - dehqon va shoir

Jomboylik Barot Nodirov Samarqandning faol nuroniylaridan. Ham tajribali dehqon, ham shoir, ham faol jamoatchi. Muhimi, irodali inson.

O‘tgan asrning 80-yillarida bo‘lgan "Paxta ishi" oqibatida azob-uqubat chekkan. Besh yillik mashaqqatli "taqdir"dan so‘ng yana kolxozga rais bo‘lib, ilmi, tajribasi, omilkorligi va bukilmas irodasi tufayli xalqqa halol xizmat qilgan. Elda hurmat, e’tibor qozongan.

Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan viloyat Nuroniylar kengashi raisi Saidahmad Usmonov va bir guruh jamoatchilar Barot bobo yashayotgan No‘sh qishlog‘ida bo‘ldi.

Bir piyola choy ustida dildan qurilgan suhbatda Barot Nodirovning mehnat faoliyati yodga olindi. O‘z o‘rnida mehnat faxriysi ayni kunlarda yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, xususan, Prezidentimizning "Yangi O‘zbekiston" gazetasi bosh muharriri bilan suhbatda ilgari surgan ilg‘or g‘oyalari, tadbirkorlar bilan muloqotida aytgan fikrlari haqida gapirdi.

 – Viloyat hokimi nomidan kelgan mehmonlarni ko‘rib boshim osmonga yetdi, - deydi 81 yoshli B.Nodirov. – Bir umr qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qildim. Bayram arafasida ularning yo‘qlab kelishgani men uchun eng katta sovg‘a bo‘ldi. Tuman, mahallada bo‘ladigan tadbirlarda ishtirok etaman, yoshlarga tajribamdan saboq berishga harakat qilaman.