Yo‘qotilgan vaqt qissasi yoki soat mintaqalari haqida qiziqarli faktlar
Taxminan 140 yil oldin dunyoda vaqt oralig‘i masalasi butunlay chigal ahvolda edi. O‘sha davrlarda nafaqat mamlakatlar orasida, balki Rossiya va AQSh kabi yirik davlatlarning har bir shtati yoki viloyatlarining o‘zi belgilagan coat mintaqasi bo‘lardi va chegarani kesib o‘tgan odam, o‘zini osongina o‘tmish yoki kelajakda topardi.
Bu holat uzoq davom etishi favqulodda holatlarni keltirib chiqarishi mumkin edi. Bundan tashqari, temir yo‘llar jadal sur’atlar bilan rivojlanib, poyezdlar soni ko‘payardi, bu esa tartibsizliklar umumiy muvofiqlashtirilishi lozimligini talab qilardi.
Buyuk Britaniya o‘z hududida yagona standart vaqtni joriy etishga qaror qilgan birinchi davlat bo‘ldi. Keyin bu tashabbusga AQSh, Yaponiya, Kanada va Rossiya kabi boshqa bir necha davlatlar qo‘shildi. Shu tarzda dunyoda vaqt zonalari paydo bo‘ldi. XIX asrning oxirida bo‘lib o‘tgan Xalqaro meridian konferensiyasida Britaniyaning Grinvich shahri rasadxonasi “nol” meridian nuqtasi sifatida olinib, Yerni 24 soat mintaqasiga bo‘lish to‘g‘risida kelishib olindi.
Bu vaqt mintaqalarining hosil bo‘lishi to‘g‘risida qisqagina ma’lumot edi. Endi ular haqida qiziqarli faktlar bilan tanishamiz.
Yarim tunda quyosh botishi
Xitoy dunyodagi eng uzun mamlakatlardan biri bo‘lib, uning g‘arbdan sharqqacha bo‘lgan uzunligi 5700 kilometrni tashkil etadi. Olimlar vaqt mintaqalarini “ajratganda” Xitoyga ularning 5 tasi tegdi. Lekin hukumat tepasiga kelgan Mao Szi Dun 1949 yilda mamlakatdagi vaqt zonalarini bo‘linishini olib tashladi va hamma joyda Pekin vaqtini belgiladi. Hozirda Pekindan olisda joylashgan Tibet avtonom okrugida kun botishi 5 soatga kechikadi va quyosh soat yarim tunni ko‘rsatganda botadi.
Aylanma vaqt
Osiyodagi Himolay (tog‘ tizimi) muqaddas va sirli joy bo‘lishi bilan birga, bu yerda vaqt yovvoyi poygalarni ham tashkil qiladi. Misol uchun, sayohatingizni Hindistondan boshlab Himolay tog‘lari bo‘ylab Sharqqa qarab yursangiz, soatingizni:
- Nepal va Hindiston chegarasida - 15 daqiqa oldinga;
- Xitoy chegarasini kesib o‘tganda – 2,5 soat oldinga;
- Butan Qirolligiga kirishda – 2 soat oldinga;
- Butan orqali Hindistonga qaytishda – yarim soat oldinga ;
- Myanma hududida – bir soat oldinga siljitishga to‘g‘ri keladi.
Mustaqillik qadri
Hindiston va Nepal o‘rtasidagi 15 daqiqalik vaqt haqida o‘qib hayron bo‘lgan bo‘lsangiz kerak. Hindistondan mustaqil bo‘lgan mag‘rur Nepal o‘z soatini qo‘shni Hindistondan 10 daqiqa oldinga siljitib, bu erkinlikni namoyishkorona ta’kidlashga qaror qildi. 1986 yilda bu nepalliklar uchun yetarli bo‘lmagandek tuyuldi va ular yovuz va takabbur qo‘shni bilan o‘z farqini yana 5 daqiqaga oshirishga qaror qilishdi.
Bir soat o‘rniga uch yarim
Afg‘oniston va Xitoy o‘rtasi chegarasida qo‘yilgan bir qadam – soat millarini 3,5 soat oldinga siljitishga majbur qiladi. Vaqt keskin o‘zgaradigan bunday noyob joy dunyoning boshqa hech bir joyida yo‘q. Buning uchun Mao Szi Dun va uning yagona Xitoy vaqtidagi qat’iy qaroriga rahmat!
O‘tmish va kelajaksiz hayot
Sayyorada sana o‘zgaruvchanligi chizig‘i deb ataladigan shunday xayoliy chiziq mavjud. U Tinch okeanining 180-meridian chegaralaridan o‘tadi. Agar siz uni g‘arbdan sharqqa kesib o‘tsangiz, roppa-rosa bir kun oldin (o‘tmish)ga qaytishingiz, sharqdan g‘arbga harakatlansangiz mos ravishda bir kun oldin (kelajak)ga qaytishingiz mumkin. Demak, bu joy yerdagi hozirgi vaqt mavjud bo‘lmagan va faqat o‘tmishi va kelajagi bo‘lgan yagona joy bo‘lib qolmoqda.
Uch vaqt uchrashadigan joy
Norvegiya, Finlandiya va Rossiya chegaralarida kichkinagina Rayakoski qishlog‘i joylashgan bo‘lib, u yerda uchta vaqt mintaqasi bir nuqtada tutashadi. Ma’muriy jihatdan u Murmansk viloyatida joylashgan va u yerda atigi bir necha yuz kishi yashaydi. Agar siz ushbu qishloqdan Finlandiya chegarasini kesib o‘tsangiz, soatni bir soat, agar Norvegiyaga bormoqchi bo‘lsangiz, u holda ikki soat orqaga qaytarishingiz kerak.
Vaqt mintaqalari insoniyat tomonidan ixtiro qilingan yagona g‘alatilik emas.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.