Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda qanchalik natijaga erishyapmiz?
Yurtimizda kelajak egalarining barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ilmu fan, zamonaviy texnika va texnologiyalarni puxta egallashi, davr talablari asosida ta’lim va tarbiya olishi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilyapti.
Yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi shuncha yuqori bo‘ladi. Aytish kerakki, bugungi kunda har bir davlat xizmatchisi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yosh mutaxassislarga tajriba almashish, zaruriy ko‘nikma va malakalarni oshirish, qolaversa, yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilish kabi ko‘nikmalarni mustahkamlash bo‘yicha turli tadbir va loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, yoshlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Amir Temur izdoshlari”, “Biz tarixni o‘rganamiz”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Yosh musavvir”, “Zakovat”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Yosh poliglot”, “Munozara”, “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Temurbeklar” kabi tanlovlarning o‘tkazilishi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi.
Yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish, qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, mustaqilligimiz va yurt ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish haqidagi tushuncha hamda bu boradagi nazariy-amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash, yoshlarda yon-atrofimiz va jahonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish ko‘nikmalarini, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish bugungi kun talabi ekanini hayotiy misollar va ta’sirchan vositalar orqali yoshlar ongiga singdirib borish biz, davlat xizmatchilarining vazifasi deb hisoblayman.
Muhimi, bugungi kunda yurtimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida ona yurtga muhabbat, xalqqa xizmat tuyg‘usini shakllantirish, barkamol avlod, komil inson bo‘lib voyaga yetishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bugun yoshlarning bandligini tashkil etish, ularning zamonaviy kasblarni egallashi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har bir mahallada mahalla yetakchisi lavozimlarining joriy etilishi, yurtimizda yoshlar siyosatiga ularga berilgan e’tiborning dalili, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, mahallaning yoshlar balansi shakllantirildi.
Yoshlarni vatanparvar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladigan yana bir tadbir shu bo‘ldiki, mahalla yoshlari balansidan kelib chiqib, ular toifalarga bo‘lindi va bu yoshlar davlat fuqarolik xizmatida faoliyat yuritayotgan tashkilot vakillariga biriktirildi. Biriktirilgan vakillar yoshlar bilan individual shaklda ish olib bormoqda. Mavjud muammolar bartaraf etilyapti.
Mahallalarda otaliqqa olingan yoshlar, tarbiyasi og‘ir toifadagi yoshlarning davlat xizmatchilariga biriktirilganligi va bu borada olib borilayotgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkilotlar bilan o‘tkazilayotgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, harbiy vatanparvarlik loyihalari esa vatan tuyg‘usini singdirishga xizmat qilyapti.
Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar ishtirokida o‘tkazilib kelinayotgan turli loyiha va tadbirlar, jumladan, “Milliy qadriyatlar sayli”, “Tabiatni asraymiz”, “Biz chiqindilarsiz hayot tarafdorimiz”, “Tog‘da bir kun”, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari, “Talaba-qizlar” forumi, “Milliy qadriyatlar sayli”, “Tengdosh-tengdoshga ko‘makchi”, “Yetakchilikdan rahbarlik sari”, viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda efirga uzatilayotgan “Idrok” intellektual o‘yini hamda turli sport musobaqalari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan muhim tadbirlardan hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Samarqand shahridagi "Nurafshon" madaniyat saroyida Samarqand davlat universiteti Urgut filiali "Yosh ma’rifatchilar" teatr studiyasi jamoasi tomonidan buyuk jadidlar namoyandasi, ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyatiga bag‘ishlangan "Samarqandlik Behbudiy" spektaklining namoyish etilgani yoshlarda vatan tuyg‘usi, ularda vatanparvarlik hissini oshirishga, ona-yurtiga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiya topishiga zamin yaratdi.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdullo Avloniy aytganidek, “Har bir millatning saodati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liq”. Shunday ekan, har bir davlat xizmatchisi yoshlarning tarbiyasi, ularni komil inson bo‘lib shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shishi, milliy urf-odatlarimiz, an’analarimizni keng targ‘ib qilishda yoshlarning qonuniy talab va tashabbuslarini qo‘llab-quvaatlashda shaxsiy namuna ko‘rsatishi lozim.
Dilfuza Azizova,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi.