Yozuvchi Karimberdi To‘ramurod bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazida taniqli yozuvchi, “Gung qiz”, “Sinfdoshlari yo‘q odam”, “Qora kitob”, “Tog‘ay Muroddan qolgan dalalar”, kabi o‘nlab kitoblar hamda “Ota”, “Chaqmoq”, “Sabriniso” kabi filmlar, “Jiyda guli” teleseriali ssenariy muallifi Karimberdi To‘ramurod bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Muallif uchrashuvda ishtirok etgan ijodkorlar, yosh kitobxonlar, kutubxona xodimlariga o‘zining yozgan kitoblari to‘g‘risida to‘xtalib,  asarlaridagi bosh qahramonlar uning hayotida uchragan voqeliklar asosida yaratilganini so‘zlab berdi.

43 yoshidan yozuvchilikni boshlagan Karimberdi To‘ramurod ayni paytda chet el yozuvchilari asarlarini tarjima qilishga ham qo‘l urgan. Shuningdek, ijodda to‘xtamasdan yangi-yangi asarlar va romanlar yozmoqda.

Yozuvchi va faxriy jurnalist bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yoshlar bergan savolga bahs-munozara asosida javob qaytarilgani bilan yanada qiziqarli kechdi. Ayniqsa, tadbirda ishtirok etgan yoshlarda ijodkorning asarlari asosida yaratilgan filmlar va teleserial katta taassurot qoldirganligi aytildi. 

Husan ELTOYeV.