Yuk mashinasi katta yo‘l chetida ketayotgan eshak aravani urib yuborgani oqibatida yosh er-xotin hayotdan ko‘z yumdi
2020 yilning 26 may kuni soat 06:00 da haydovchi - 28 yoshli Q.J., MChJga tegishli “HOWO” rusumli og‘ir yuk mashinani M-39 “Toshkent-Termiz” Xalqaro avtomobil yo‘li orqali “Toshkent-Chinoz” tomonga boshqarib, mazkur yo‘lning Yangiyo‘l tumani Mustaqillik ko‘chasida harakatlanib ketayotgan vaqtida, o‘zi bilan bir yo‘nalishda yo‘lning o‘ng qismida eshak aravani boshqarib ketayotgan fuqaro - 24 yoshli X.V. va turmush o‘rtog‘i 20 yoshli O.V.larni avtomashinaning o‘ng old qismi bilan urib yuborib, yul-transport hodisasini sodir etgan.
Oqibatda X.V. va uning turmush o‘rtog‘i O.V.lar olgan tan jarohatlari bilan tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. O.V.ga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay shifoxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan Yangiyo‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Joriy yil 27 mayda X.V. ham ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. Jinoyat ishi JKning 266-moddasi 3-qismi “a” bandiga (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) qayta malakalangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.