“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyatida monitoring o‘tkazdi

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Samarqand viloyatida davlat dasturlarining ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringi tadbirlari va aholining keng qatlami bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Dastlab Samarqand viloyati hokimligida O‘zbekistonda islohotlarni samarali amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikni jalb etishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi A.Burxonov mazkur nodavlat notijorat tashkilotining maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritib, harakat qisqa vaqtdagi faoliyati davomida davlat va jamiyat hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lganini ta’kidladi.

– Harakatning asosiy maqsadi fuqarolar, xorijda yashayotgan vatandoshlar va nodavlat notijorat tashkilotlarni ixtiyoriylik asosida birlashtirish orqali yurtimizda rejalashtirilgan islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish hisoblanadi, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati boshqarma boshlig‘i A.Mamatxonov. - Shu maqsadda ayni paytda yurtimiz hududlarida O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va boshqa jamoat tashkilotlar bilan hamkorlikda ana shunday monitoringlar o‘tkazilmoqda.

Tadbir davomida, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida g‘olib bo‘lgan Samarqand viloyatidagi bir qator nodavlat notijorat tashkilotlariga sertifikatlar topshirildi.

Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida joriy yilning iyul-avgust oylari davomida respublikamizning barcha hududlarida shu kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.