“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqandda zo‘ravonlikka uchragan ayol jinoyat ishida to‘laqonli tergov-surishtiruvni ta’minlashga chaqirdi
Samarqand shahrida yuz bergan oilaviy zo‘ravonlikka uchrash holati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi va boshqa davlat tizimlari munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, ayol eri tomonidan bir necha yillar davomida muntazam kaltaklanib kelingan. Ammo u shu kunga qadar na mahallaga, na boshqa tashkilotlarga murojaat qilmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda jabrlangan ayolga tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bundan tashqari, ayolning farzandlari bilan vaqtincha yashab turishi uchun sharoit ham yaratilgan. Hozirda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
So‘nggi uch yil davomida O‘zbekistonda gender tengligi “taqiqlangan mavzular” ro‘yxatidan chiqarildi. Tuzilmaviy va institutsional o‘zgarishlar davom etmoqda, qonunchilik takomillashtirilmoqda. Jumladan, 2019 yil Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzildi. Sentyabr oyida ikkita — “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi muhim qonunlar kuchga kirdi. Biroq respublikamizning turli hududlarida oiladagi zo‘ravonlik haqida chaqiriqlar bo‘lib turibdi. Jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati psixolog-volontyorlar jamoasi hamda hamkorlar bilan birga ruhiy ko‘mak ko‘rsatuvchi telegram-kanalining boti orqali murojaatlar kelmoqda.
Ta’kidlash kerak, xalqaro tajribada oilaviy zo‘ravonlik holatida, ayniqsa, bunga ayollar uchraganda, mas’uliyat davlat zimmasiga tushadi. Bu mas’uliyat yuridik emas, axloqiy xarakterga ega. O‘zbekiston 1995 yil iyun oyidayoq BMTning Xotin-qizlarga nisbatan barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgan. Shundan so‘ng davlat ixtiyoriy ravishda mazkur konvensiya talablarini bajarish majburiyatini (gender tenglikni ta’minlash va ayollar turmushini yaxshilash) oldi.
“Yuksalish” umummilliy harakati bu kabi jinoyatlarda to‘laqonli tergov-surishtiruvni ta’minlashga hamda ayollar, ularning voyaga yetmagan farzandlari hayoti, salomatligi, huquqlarini himoya qilish borasida tegishli choralar ko‘rishga chaqiradi.
Ushbu yo‘nalishda jabr ko‘rgan ayollar uchun himoya orderlari berish tizimlarini samarali tashkil qilish, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish, ruhiy va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘mak berish va bunda mahfiylikni saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday holatlarda qanday munosabatda bo‘lish va qanday yo‘l tutishni bilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda uslubiy yondashgan holda ishlash ham muhim rol o‘ynaydi. Huquq organlari tizimlari bunday vaziyatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirishi, bu bo‘yicha brifing va matbuot anjumanlarini o‘tkazishi zarur. Zaruriy choralardan yana biri — oilada maishiy zo‘ravonliklarni to‘xtatishga, fuqarolarga huquqiy normalarni, masala yechimlarini tushuntirishga qaratilgan keng axborot kampaniyasidir.