Senat Samarqandda ayolni ayovsiz kaltaklash bilan bog‘liq holat nazoratga olinganini ma’lum qildi
2020 yilning 20 avgust kuni M.ning turmush o‘rtog‘i Sh. o‘zi yashayotgan xonadonida sababsiz, turli bahonalar bilan uni ayovsiz urib, tan jarohati yetkazgani aks ettirilgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, Samarqand shahar IIB tomonidan bugungi kunda M.ga himoya orderi berilgan va maxsus markazga farzandlari bilan birga joylashtirilgan. Qolaversa, markazda malakali psixologlar jalb qilinib, psixologik yordam berilyapti. Shuningdek, M. to‘liq tibbiy ko‘rikdan ham o‘tkazilgan. Barcha zarur dori vositalari olib berilib, sog‘lig‘ini tiklashi uchun yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirgi kunda jabrlanuvchi mazkur maxsus markazda 2 nafar farzandi bilan yashab kelmoqda.
Bundan tashqari, M. va uning ikki nafar farzandi Samarqand shahar IIB tomonidan himoyaga olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda uning turmush o‘rtog‘i Sh.ga nisbatan Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy ko‘rib chiqilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.