Yurtimizda koronavirusga chalingan 8 nafar bemorning ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 1924 bemor ro‘yxatga olingan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 106 bemorning 29 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutida davolanayotgan 67 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 130 bemordan 26 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 5 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.
Kasallikka chalinganlarni davolash ishlari davom etyapti. Ayni paytga kelib, 892 hamyurtimiz kasallikdan to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazildi. 1024 bemor yuqumli kasalliklar shifoxonalari va moslashtirilgan shifoxonalarda davolash muolajalarini olyapti. 85 mingdan ortiq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan va ulardan olingan namunalar doimiy tarzda virusologiya laboratoriyalarida tekshirilyapti. Kecha ham 10 mingga yaqin laboratoriya tekshiruvlari amalga oshirildi.
Vaziyat birmuncha barqarorlashayotgani, kasallanganlarning davolanib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilayotgani hech birimizga xotirjam, bemalol bo‘lishimizga asos bo‘la olmaydi. Karantin tadbirlariga rioya etishimiz va barcha talablarni bajarishimiz kerak. Shundagina vaziyatni to‘liq barqarorlashtirishimiz mumkin.