Zamonaviy g‘alla ekish seyalkasi qanchalik unumdor?

Paxtachi tumani g‘allakorlari 2021 yil hosili uchun 6 ming 254 gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekishmoqda.

Inspeksiya tomonidan boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish yuzasidan monitoring-tahlillari olib borilmoqda. Boshoqli don ekinlari tadbirlariga 15 ta katokli moslama, 36 ta g‘o‘za qator orasiga g‘alla ekish moslamasi, 22 ta yer tekislagich texnikalar, 35 ta NRU-0,5 o‘g‘it sepish moslamalari jalb qilingan. Shuningdek, xorijdan keltirilgan “BADILLI” APO rusumli 6 dona zamonaviy g‘alla ekish seyalkasi ham ish unumdorligini oshirmoqda. Zamonaviy seyalkalar yordamida ochiq maydonning har bir gektariga 200 kilogramm fosforli va 50 kilogramm kaliyli mineral o‘g‘it bilan birgalikda 250 kilogrammdan g‘alla urug‘i ekilmoqda. Ekish ishlari yakunlangan 7 ming gektar maydonda sug‘orish ishlari bajarildi.

Birgina, “Mirzayev Shuxrat Kenjayevich” g‘allachilik klasteri tomonidan 100 gektarga boshoqli don ekinlari ekildi. Shuningdek, agroklaster 44 ta fermer xo‘jaligi bilan g‘alla yetishtirish shartnomasi asosida ming gektardan ortiq maydonda kuzgi don ekish ishlarini yakunladi.

Oybek AMINOV,

Agroinspeksiyaning Paxtachi tumani bo‘limi boshlig‘i.