Zamonaviy Robinzonlarning aqlbovar qilmas sarguzashtlari

Ingliz dengizchisi Aleksandr Selkirik kimsasiz Mas-a-Terra orolida to‘rt yil davomida kun ko‘rganidan keyin 1709 yilning 2 fevralida qutqarib olindi. Keyinchalik aynan u mashhur Robinzon Kruzoning prototipiga aylandi. Hayotda bu kabi juda ko‘p voqealar sodir bo‘lgan. Ochiq okeanda 76 kun, muzliklar bo‘ylab 8 kilometr va tropik o‘rmonda 4 yil... Zamonaviy Robinzonlar, ular kimlar?

Выжившие: невероятные истории современных Робинзонов

Aleksandr Selkirk
Sobiq dengiz qaroqchisi Aleksandr Shotlandiya dengiz kemalarining birida xizmat qilardi. Navbatdagi safarlarning birida Selkirik o‘zi matroslik qilgan kema kapitani bilan janjallashdi. Natijada kema uning ortidan qaytib kelishiga ishongan dengizchi kapitandan uni kimsasiz orolga tashlab ketishni so‘radi. Kapitan yigitni orolga “qo‘ndirib” yubordi. Hafsalasi pir bo‘lgan Selkirik umrining 4 yilu 4 oyini orolda o‘tkazishga to‘g‘ri keldi.

Selkirikdan oldin bu orolda yashab ketgan ko‘chmanchilar mushuklar, echkilar va yovvoyi bo‘lishga ulgurgan boshqa hayvonlarni qoldirib ketishgan ekan. Shotlandiyalikning bu hayvonlarni qo‘lga o‘rgatishi, hududda rezavor mevalar va yovvoyi sholg‘om yetishtirishi uchun vaqti yetarli edi.

Jerald Kingslend
O‘rta yoshlardagi britaniyalik jurnalist Jerald Kingslendning sarguzashti hayratlantirmay qolmaydi – 1980 yillarning boshida bu odamning o‘zi bir yil davomida sivilizatsiyasiz tropik orolda yashab, tajriba o‘tkazishga qaror qildi. Jerald hatto Time Out jurnalida o‘ziga hamroh izlayotganligi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtirdi. Lyusi Irvin ismli yosh qiz u bilan ijtimoiy tajriba o‘tkazishga tayyor ekanligini bildirdi.

1982 yilda ular Avstraliya va Yangi Gvineya o‘rtasida joylashgan Tain oroliga jo‘nab ketishdi. Aytgancha, bir-birini arang tanigan Lyusi va Jerald viza olish jarayonini sodddalashtirish maqsadida nikoh qayd qilishdi. Keyinchalik ular o‘z sharhlarida oroldagi kundalik tashvishlardan ko‘ra bir-birini tushunib olish qiyin kechganligi, aniqrog‘i, hamjihatlikka erishmaganliklarini aytib, o‘rtoqlashadilar.

1983 yilda orolda qurg‘oqchilik yuz berib, “juftlik” suvsiz qolganida, ularni yaqin atrofga tasodifan kelib qolgan aborigenlar qutqarib qoldi. Buyuk Britaniyaga qaytib, er-xotin baribir ajrashishdi. Lyusi ham, Jerald ham o‘zlarining g‘ayrioddiy tajribalari tasvirlab berilgan kitob yozdi. Natijada ushbu nashrlarning ikkalasi ham haqiqiy bestsellerga aylandi.

Stiven Kallaxen

Stiven kichik qayiqda Kanar orollarining El-Yerra shahridan Karib dengiziga qarab suzib ketdi. Atlantikaning o‘rtasiga kelib uning qayig‘i cho‘kib ketdi. Kallaxen shamol oqimi Mari Galant oroliga olib kelgan qutqaruv sol kemasida 76 kun suzib yurdi. Yuzlari dengiz yaralari bilan qoplangan ozg‘in sayyohni baliqchilar topib olishdi.

And tog‘laridagi halokat

1972 yilning 13 oktyabrida bortida regbi sportchilari jamoasi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi. Omon qolgan bir necha kishi 3600 metr balandlikda deyarli oziq-ovqat, suv va issiqliksiz qoldi. Radio orqali “Qutqaruv operatsiyasi tugadi” yangiligini eshitgach, ular noilojlikdan muzlab qolgan jasadlar go‘shtini yeyishga majbur bo‘lishdi.

Qutqaruvchilar fojiadan 72 kun o‘tib, omon qolganlar borligini bilib oldi. Aynan o‘sha paytda samolyotning ikki yo‘lovchisi Nado Parada va Roberto Kanessa Chilining kichik bir qishlog‘iga yetib borgan edi. Bu ikkovlon issiq kiyim va oziq-ovqatsiz faqatgina o‘z omadiga ishonib, 10 kun davomida tog‘lar oshib odamlar tomon oshiqqan edi.

Kolbi Kumbs

1992 yilda Kolbi ikki do‘sti bilan Alyaskadagi Foraker tog‘ini zabt etish maqsadida yo‘lga chiqdi. Ular 5304 metr tog‘ tepaligiga yetganida, shiddat bilan yopirilib kelayotgan tog‘ ko‘chkisi sodir bo‘ldi. Yigitlar tom ma’noda tuzoqqa tushib qolishdi va ulardan faqat bir kishi Kumbs tirik qoldi.
Miya chayqalishi, ikki bo‘yin umurtqa suyagi, kuragi va to‘pig‘i singan bo‘lishiga qaramay, Kolbi muzliklar bo‘ylab 5 mil (8 kilometrdan ko‘proq) yo‘l bosib o‘tdi. Halokatdan 6 kun o‘tib, u o‘z lageriga yetib bordi. Ajablanarlisi, bu halokatdan so‘ng Kolbi o‘zining xavfli mashg‘ulotini tashlagani yo‘q, aksincha u cho‘qqilarni zabt etishni davom ettirib, xavfli kasbida “ishlab” kelmoqda.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.