“Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida 10 nafar fuqaro noqonuniy tarzda daraxt kesgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Jomboy tumani hududidagi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida daraxtlarga noqonuniy tarzda ziyon yetkazilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Jomboy tumani nazorat inspeksiyasining davlat inspektorlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar jarayonida ma’lum bo‘lishicha, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 30 noyabrdagi 2020 yilda 05,06,07-raqamli buyrug‘i bilan mazkur bog‘ hududidagi yaroqsiz holatga kelib qolgan daraxt va butalarni tegishli tartibda kesish ishlari olib borilgan.

Shu bilan birga, ushbu milliy tabiat bog‘idagi 12 tup daraxt va butalar 10 nafar fuqaro tomonidan noqonuniy tarzda kesilganligi aniqlangan.

Samarqand viloyati Ekologiya  boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ining nazorat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan qonunbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 97-moddasi 1-qismiga binoan 2 million 305 ming so‘m jarima va 5 million 755 ming so‘m zarar hisoblangan.