Zelenskiy Tramp bilan muloqot qilishini ma’lum qildi. Istanbul meri, Erdog‘anning asosiy siyosiy raqibi hibsga olindi. Tinchlik muzokaralari Jiddada davom etadi

🔹 Matbuotga bergan intervyusida Zelenskiy bugun Tramp bilan telefon orqali muloqot qilishini ma’lum qildi. "Men bu yil urush adolat va munosib tinchlik bilan yakunlanishiga ishonaman", dedi u.
🔹 AQSh razvedka idoralari AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi mojaroni hal qilish harakatlari doirasida Rossiyaga qarshi bir qator kontrrazvedka operatsiyalarini to‘xtatdi. Ayrim tahlilchilar bu strategiyani xavfli deb atamoqda. Ularning fikricha, Rossiyaning gibrid urushga e’tiborini susaytirishi AQSh uchun ham, Yevropadagi ittifoqchilari uchun ham jiddiy oqibatlarga olib keladi.
🔹 Eronda milliy Yangi yil bayramida kamida 19 kishi halok bo‘lgan, qariyb 6 ming kishi jarohatlangan. Jarohatlanish asosan pirotexnika vositalari tufayli sodir bo‘lgan.
🔹 Turkiyada Erdog‘anning asosiy siyosiy raqibi - Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘li korrupsiyada ayblanib hibsga olindi. Operatsiya davomida undan tashqari yana 100 ga yaqin odam qo‘lga olingan. Shu munosabat bilan miting va namoyishlar 23 martga qadar taqiqlangan bo‘lsa-da, shahar merining hibsga olinishiga qarshi namoyishlar boshlandi - xavfsizlik kuchlari shay holatda. Hukumat X, Youtube, TikTok va Instagram ijtimoiy tarmoqlarini cheklagan, transport harakati to‘sib qo‘yilgani, metro bekati yopilgani haqida xabarlar bor.
🔹 Eron yangi hijob qonuni doirasida axloq politsiyasini bekor qilishni rejalashtirmoqda. O‘tgan yilning kuzida Eron parlamenti tomonidan qabul qilingan qonun loyihasi “Oilalarni iffat va hijob madaniyatini targ‘ib qilish orqali qo‘llab-quvvatlash”ga qaratilgan. 2022 yilda mamlakatda hijobni noo‘g‘ri kiyganlikda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Amini o‘limidan so‘ng keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlangan edi.
🔹 23 mart kuni Jiddada Tramp va Putin o‘rtasidagi navbatdagi tinchlik muloqoti o‘tishi aytilmoqda.
🔹 Pentagon 50 mingta fuqarolik ishchi kuchini qisqartirmoqchi. Shuningdek, kelgusi besh yil mobaynida harbiylar byudjeti har yili 8 foizga qisqartirish rejasi mavjud.
🔹 Germaniyada o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, nemislar Ilon Mask mashinalarini sotib olishdan voz kechmoqda. Respondentlarning 94 foizi hech qachon Tesla'ni sotib olmasliklarini aytishgan, chunki Ilon Mask xavfli, omadsiz o‘ta o‘ngchi. Bu orada Las-Vegasda bir nechta Tesla avtomobillari yoqib yuborilgan - Mask buni terrorizm deb atadi.
G.Xoldorova tayyorladi.