Zilzilalar qurshovida qolgan Yer

Yevropa-O‘rtayer dengizi seysmologik markazi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 4-5 kun ichida dunyo bo‘ylab 4 balldan yuqori bo‘lgan 241 tadan ortiq zilzila qayd etilgan. Eng kuchli silkinishlar Sharqiy va Markaziy Turkiyada, shuningdek, Suriya qirg‘oqlari va Indoneziyada kuzatilyapti.

- Turkiyadagi zilzila litosfera plitalari (yer qobig‘ining kamfaol maydoni)ni uch metrgacha siljitgan geologik siljishini keltirib chiqardi, - deydi italiyalik olim doktor Doloni. - Turkiyada bo‘lib turgan seysmik to‘lqinlar Karpat tog‘lariga yaqinlashib, katta hududda tebranishlarni keltirib chiqarishi mumkin, - deya qo‘shdi ekspert. Bunday zilzilalar 1977, 1986 va 1990 yillarda sodir bo‘lgan.
Darhaqiqat, XIX -XX asrlarda vaqti-vaqti bilan dunyoning turli burchaklarida millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan halokatli zilzilalar bo‘lib turgan. Bugungi maqolamizda XXI asr boshida sodir bo‘lgan eng halokatlilarini eslaymiz.

2004 yil, Indoneziya

Indoneziyaning Sumatra oroli yaqinida 9,1-9,3 balli zilzila sodir bo‘ldi. Uning ortidan halokatli sunami yuzaga kelib, tabiiy ofatlar kamida 225 ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Shundan so‘ng sunami Afrikaga qarab yo‘l oldi.

2008 yil, Xitoy

Tog‘li Sichuan hududida sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzila 87 600 ga yaqin odamning umriga zomin bo‘ldi. Ular orasida 5 mingdan ortiq maktab o‘quvchilari bor edi.

2010 yil, Gaiti

Poytaxt Port-o-Prensda 7 magnitudalik yer silkinishida 316 mingga yaqin odam halok bo‘ldi. Qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan bir yarim million odam o‘shanda suv, kanalizatsiya va elektr ta’minotisiz chodirlarda yashagan. Shundan so‘ng mamlakatda vabo epidemiyasi boshlandi.

2011 yil, Yaponiya

9 magnitudali zilzila shunchalik kuchli ediki, Yer o‘z o‘qidan siljidi. U Xonsyu orolida sunamini keltirib chiqardi, 18 000 dan ortiq odamni o‘ldirdi va butun shaharlarni xaritadan o‘chirib tashladi.
Shiddat bilan kelgan ulkan to‘lqin “Fukusima” atom elektr stansiyasidagi himoya inshootlarini bosib o‘tdi, yadroviy falokatga sabab bo‘lgan reaktorlarni suv bosdi.

2016 yil, Italiya

Italiyaning Marke, Umbriya va Latsio provinsiyalarida 2016 yilda sodir bo‘lgan 6,2 magnitudali yer silkinishida yuzlab odamlar yaralanib, 297 kishi halok bo‘ldi. Falokat natijasida Amatriche shahridagi barcha binolar deyarli yorilib ketib, butun ko‘chalar vayronalarga to‘lib ketdi.

2018 yil, Indoneziya

7,5 balli kuchli zilzila 1,5 metr balandlikdagi halokatli sunamini keltirib chiqardi. Tabiiy ofat 4,3 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi.

2023 yil, Turkiya va Suriya
So‘nggi 80 yil ichidagi eng yirik zilzila. Halok bo‘lganlar va yaradorlar sonini aniqlashga hali erta. Turkiya hududida 6 fevraldan buyon turli darajadagi magnitudali doimiy silkinishlar kuzatilmoqda. Ikki davlatda halok bo‘lganlar soni bugungi ma’lumotlarga ko‘ra 23 000 nafardan oshgan.

Shubhasiz, yer qa’rida global tektonik harakatlar boshlangani ortidan bugun butun dunyo seymologlari yer yuzida sodir bo‘lgan falokatni tushunish kalitini izlamoqda.
Bu kabi tabiiy ofatlarning yangi zarbasi qachon va qaysi davlatda sodir bo‘lishini hech kim oldindan bilmaydi. Yaqin kelajakda Yerimiz tinchlanib, odamlarga o‘xshab turli urush va epidemiyalarda o‘zini yo‘q qilib yubormaydi, deb umid qilamiz.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.