Zulfiya mukofoti nomzodlarini aniqlashda bir qator o‘zgarishlar kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan bog‘liq bir qator yangilanishlar kuzatildi.

Shuningdek, tanlovda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida jamoatchilikning fikr va mulohazalari asosida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti Respublika komissiyasi ham mukofotlash tizimiga bir qator yangilanishlar va o‘zgarishlarni kiritdi.

Jumladan:

- Tanlovlar o‘tishida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida Zulfiya mukofotiga talabgorlar ro‘yxati mukofot berilishidan ikki oy oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi yo‘lga qo‘yildi.

Bu keyingi 15 yillik tajribada ilk bora qo‘llanilmoqda. Ro‘yxatning e’lon qilinishi qaysi hududdan, qaysi yo‘nalishda, qanday salohiyatga ega nomzodlar ishtirok etayotgani haqidagi ma’lumot va tasavvurni ochiqlaydi.

- Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilayotgan nomzodlarning hujjatlari 21 tadan 15 taga qisqartirildi. Shuningdek, xalqaro darajadagi diplom va sertifikatlarini notarial tasdiqdan o‘tkazish tartibi bekor qilindi.

- 7 ta yo‘nalishdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 21 nafardan 25 nafargacha nomzodlar (bu raqam Komissiya qarori bilan o‘zgarishi mumkin) Respublika bosqichiga tavsiya etilishi belgilandi.

- Har bir yo‘nalish bo‘yicha komissiya a’zolari takliflari asosida “O‘zbekiston Respublikasi Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga taqdim etish va mukofot sovrindorlari bilan ishlash bo‘yicha Yo‘riqnoma” qaytadan to‘ldirildi.

2020 yilgi sovrindorlarni aniqlash maqsadida o‘tkazilgan tanlovlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Respublika bosqichiga jami 314 nafar nomzodlar tavsiya etildi.

Nomzodlarning ro‘yhati O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining rasmiy veb-sahifasida e’lon qilinadi.

Ularning ijodi va faoliyatini, ilmiy izlanishlari va faolligini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish tavsiya etiladi.

Respublika bosqichi 2020 yil 7 yanvar kuni soat 09.00 dan boshlab (1 kun) tanlovning Toshkent shahridagi V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti Respublika komissiyasi.