“Anora”: yolg‘izlik va bemorlikka malham
Ayni kuch-quvvatga to‘lib, faol mehnat qilib yurgan Nargiza 45 yoshida insultga chalinib, harakatsiz bo‘lib qoldi, hatto gapirolmasligidan tushkunlikka tushdi.
Davolandi, shifokorlarning aytganini qildi. Mahallasining ijtimoiy xodimi shu kabi kasalliklarni parvarishlash xizmati tashkil etilganini aytib, uni “Anora” ko‘p tarmoqli ijtimoiy-tibbiy parvarish markaziga olib keldi. Nargiza bu maskanga qatnayotganiga besh oydan oshdi. Jismoniy va ruhiy holatni tiklash bo‘yicha zamonaviy dasturlar yordamida sog‘ligini tiklamoqda. Hozir gapira boshladi, qiynalib bo‘lsa-da, o‘zi yurib, markazga kelmoqda.
Yaqinda Samarqand shahridagi “Anora” ko‘p tarmoqli ijtimoiy-tibbiy parvarish markazida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi. Unda jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
- “Anora” ko‘p tarmoqli ijtimoiy-tibbiy parvarish markazi Germaniya davlati hamkorligida tashkil etilgan ijtimoiy loyiha bo‘lib, doimiy ravishda parvarishga muhtoj insonlarning hayot sifatini yaxshilash va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, - deydi markaz rahbari Azamat Egamberdiyev uning faoliyati bilan ishtirokchilarni tanishtirar ekan. - Markazimiz o‘tgan yildan ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda ishlamoqda. 300 nafarga yaqin samarqandliklarga patronaj qarov, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatamiz. Markazda hozirgi paytda 40 nafarga yaqin malakali assistentlar xizmat olib boradi. Bu yerda bemorning jismoniy va psixoemotsional holatini qayta tiklash, kundalik hayotda o‘ziga ishonch hosil qilish ko‘nikmasini shakllantirishga intilamiz. Markazda yaqin kunlarda ijtimoiy-tibbiy reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatishni ham boshlaydi.
Germaniyadan kelgan ekspertlar, yuridik fanlari doktori Gerald Zander va nemis tili bo‘yicha ekspert Xans-Yoxan Rayx markazda ekspert sifatida olib borayotgan ishlari haqida to‘xtalib o‘tishdi.
-Taqdir taqozosiga ko‘ra yolg‘iz yashayman, - deydi Samarqand shahrilik 85 yoshli Raisa Konnonova. – Bu yerga har kuni kelib, mashg‘ulotlarida qatnashaman, shifokor va trenerlar yordamida jismoniy mashqlar bajaraman. Bizning yoshimizda o‘zimizni eplab yurish, kunlik maishiy ishlarimizni amallab yurish uchun ham katta iroda va harakat kerak. Bu yerda mana shu kuchni olamiz, o‘z ustimizda ishlaymiz, odamlar bilan muomalada bo‘lamiz.
“Anora” ko‘p tarmoqli ijtimoiy-tibbiy parvarish markazi aholiga bir necha yo‘nalishda yordam ko‘rsatiladi. Xususan, yolg‘iz qariyalarga uyda yordam ko‘rsatish, (kundalik ro‘zg‘or ishlari), tibbiy-sog‘lomlashtirish, kunduzgi parvarish, ya’ni reabilitatsion dasturlar, ruhiy-ijtimoiy ko‘mak amalga oshiriladi. Qolaversa, imkoniyati cheklangan yaqinlariga qaraydigan qarindoshlar uchun o‘quv dasturlari, ijtimoiy-tibbiy yordamning zamonaviy usullari, bu bo‘yicha tavsiya va tahliliy materiallar tayyorlash uchun ilmiy izlanishlar olib borish ham yo‘lga qo‘yilgan. Markaz xizmatlari kam ta’minlangan oila a’zolari uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi orqali bepul amalga oshiriladi. Shuningdek, bu yerda pullik xizmat ko‘rsatish imkoni ham mavjud.
Gulruh Mo‘minova.