Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

26 ming dollarga “simob” sotgan 70 yoshli fuqaro qo‘lga olindi

Navoiyda “simob” kimyoviy moddasini sotib turgan 70 yoshli otaxon qo‘lga olindi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyati IIB JQB qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumotlarga asosan, Karmana tumani IIB JQB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbiri davomida 2020 yilning 13 may kuni Karmana tumani Uyrot MFY hududida 1949 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta, oilali – 5 nafar farzandi bor, ayni paytda G‘ijduvon tumani Bobur MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro N.K. bir kontenerda 5 kilogramm 300 grammni tashkil qilgan “simob” kimyoviy moddasini 26 ming AQSh dollariga sotish jarayonida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

N.K. ushbu jinoiy ishni o‘g‘illari – 1976 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, oilali – 2 nafar farzandi bor, hozirda G‘ijduvon tumani Bobur MFYda yashovchi N.A. hamda 1986 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, oilali – 2 nafar farzandi bor, hozirda G‘ijduvon tumani Bobur MFYda istiqomat qiluvchi N.B.lar sherikchiligida sodir etgan.

“Simob” kimyoviy moddasini N.A.ga tegishli “Jentra” rusumli avtomashinada yollanma qo‘riqchi – 1986 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, oilali – 2 nafar farzandi bor, ayni paytda Vobkent tumanida yashovchi og‘ir atletika ustasi O.R. himoyasida olib kelishga uringan.

Karmana tumani IIB tomonidan xolislar ishtirokida N.K.dan bir kontenerda bo‘lgan 5 kilogramm 300 grammni tashkil etuvchi “simob” kimyoviy moddasi hamda 26 ming AQSh dollari hujjatlashtirib olindi.

Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB JQB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.