Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

50 ming so‘mlik pulni qalbakilashtirgan o‘quvchilar qo‘lga tushdi

Farg‘onada 50 ming so‘mlik pulni qalbakilashtirib, uni ishlatgan kollej o‘quvchilariga sud tomonidan jazo tayinlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy shahar sudi tomonidan ko‘rilgan mazkur jinoyat ishi Toshloq tumanidagi Zarkent agrosanoat kasb-hunar kollejining o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan.

Voyaga yetmagan O. Qosimov jinoiy sheriklari M. Oxunov, I.Sodiqov va E.Jabborovlar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, qalbaki bank biletlari (banknotlari) yasash va ularni o‘tkazishni rejalashtirib, jinoiy reja tuzgan. Ular Toshloq tumani Zarkent qishlog‘i markazidagi kompyuter xizmati ko‘rsatish shoxobchasida joriy yil yanvar oyining oxiri, fevralning boshida Epson–L355 rangli printeri yordamida nusxa ko‘chirish yo‘li bilan qalbaki 50 ming so‘mlikni tayyorlashgan. Shundan so‘ng ular Quva tumani Salim qishlog‘ida joylashgan Z.Erkaboyevga tegishli savdo do‘konidan bir dona energetik ichimlik sotib olib, qalbaki pulni o‘tkazgan. Oradan biroz muddat o‘tib do‘kon sotuvchisi 50 ming so‘mlik pulni soxtaligini bilib qolgan. Qalbaki pulni bergan odamni aniqlab, qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, IIBga murojaat qilgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi D.Komilov va R.Ahmedovlar mazkur yoshlarni 50 ming so‘mlik kupyuradagi qalbaki pullarni yasayotganligini ko‘rishib, ushbu sodir etilgan og‘ir jinoyat haqida aniq bilganlari holda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar bermagan.

Olib borilgan tezkor-surishtiruv harakatlari davomida voyaga yetmagan O. Qosimov M. Oxunov, I.Sodiqov, E.Jabborovlar tomonidan yasalgan va o‘tkazilgan uch dona 50 ming so‘mlik qalbaki kupyura hamda “Epson-L355” rusumli rangli printer ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Sud hukmi o‘qilib, jinoyat sodir etganlar qilmishlariga yarasha jazo ham oldi, deb yozadi O‘zA. Ammo hali hayotning oqu qorasini tanimagan bu yoshlar nega jinoyat sodir qildi? Ta’lim maskani mutasaddilari, mahalla faollari vaqtida bu yoshlarni nazoratga olganda balki jinoyatning oldi olingan bo‘larmidi?