Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

70 yoshli Sunnat polvon jahon chempionati sovrindori bo‘ldi

Yaqinda Kipr davlatining Limassol shahrida sambo kurashi bo‘yicha sport ustalari o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.

Jahonning 20 dan ortiq davlatlaridan sportchilar ishtirok etgan chempionatda yurtimiz sharafini 82 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda Oqdaryo tumani Yangiravot-2 mahallasida yashovchi sport faxriysi Sunnat Ortiqov ham munosib himoya qildi. Keksa kurashchi saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, 3-o‘rinni egalladi va jahon chempionatining bronza medali bilan taqdirlandi.

Sunnat polvon bir necha yillar ilgari Surxondaryoda o‘tkazilgan faxriylar o‘rtasidagi jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Yurtimizda sportga ko‘rsatilayotgan e’tibor, kurashchilarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar ham S.Ortiqovning jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etishiga omil bo‘ldi.

- Sport bilan ko‘p yillardan buyon shug‘ullanaman, - deydi Sunnat Ortiqov. – Yoshim 70 dan oshgan bo‘lsa-da, hamon tetikman. Kasallik nimaligini bilmayman. Bularning barchasi muntazam sport bilan shug‘ullanganligim tufayli.

Sovrindorlarni Kipr Sambo federatsiyasi prezidenti M.Andreus va Xalqaro sambo assotsiatsiyasi (FIAS) vakillari qutlab, chempionatning diplom va medallarini topshirdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.