Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda sudlar tomonidan 9 oyda ajrashish uchun ariza bergan 155 oila yarashtirilgan

Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi Bayramali Norov ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2019 yil 9 oyida 3 519 ta nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarilgan. Bu boradagi qarorlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 360 taga kamaygan.

Nikohdan ajrashish bo‘yicha 2018 yil 9 oyiga nisbatan 250 taga kam, ya’ni 2 171 ta da’vo qanoatlantirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2151 ta holatda oilaviy kelishmovchilik, 349 ta holatda moddiy jihatdan qiynalganlik, 204 ta holatda farzandsizlik, 111 ta holatda esa turmush o‘rtog‘ining spirtli ichimliklarni iste’mol qilishi sababli nikohdan ajratish bo‘yicha sudga murojaat qilingan.

Nikohdan ajratish bo‘yicha sudga murojaat qilganlarning ko‘p qismi yosh oilalar ekanligi kuzatilgan. Xususan, sudga 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lganlar tomonidan 1384 ta, 26 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lganlar tomonidan 1847 ta, 35 yoshdan yuqori bo‘lganlar tomonidan 759 ta arizalar kelib tushgan.

Sudlar tomonidan taraflarning yarashishlari uchun ko‘rilgan choralar, xususan, mahallalar, xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda olib borilgan tushuntirish ishlari, sayyor sud majlislarida ajralishning haqiqiy sabablarini aniqlash borasida olib borilgan ishlar natijasida 155 ta oila yarashtirilgan.