Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Abituriyent – 2019: Nima uchun joriy yilda ballar oldingi yildan birmuncha baland?

Ko‘pchilik shu haqida fikr bildirishimni so‘rashmoqda, deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z telegram kanalida. Avvalo, hali ballar qay darajada ko‘tarilgan yoki yo‘q, buni yakuniy mandat chiqqanda bilib olishimiz mumkin. Chunki hozir mandat.dtm.uz saytidagi kirish ballari yakunda bir nechta faktorlar evaziga birmuncha pasayadi. Qaysidir yo‘nalishda ozgina, qaysidir yo‘nalishda yaxshigina seziladi bu.

Ammo baribir umumiy olganda joriy yilda ballar ko‘tarilishi mumkin va mening shaxsiy fikrimcha, bunga quyidagi omillar sabab:

Birinchidan, joriy yilda kollej/litsey bitiruvchilari bilan bir qatorda maktablarning 11-sinfini tugatgan 300 ming atrofidagi o‘quvchilar ham o‘qishga hujjat topshirdi. Bu o‘z-o‘zidan ballarning oshishiga ta’sir qiladi. Ya’ni o‘sha 300 ming bitiruvchining, ana boring, 10 foizi haqiqatda bilimli a’lochilar bo‘lgan deb faraz qilsak, taxminan 30 ming o‘quvchi ballarni avvalgi yillardan sezilarli oshishiga ta’sir qiladi. Mantiqan olganda ham qancha ko‘p odam raqobat qilsa, ehtimollar nazariyasi bo‘yicha ular orasida bilimlilar ham shuncha ko‘p bo‘ladi;

Ikkinchidan, joriy yilda uchta yo‘nalishni tanlash imkoniyatini berishdi. Bu ballarga ta’sir qilishini avval ham aytgan edim. Masalan, o‘tgan yili Sharqshunoslik institutining “Tarix” yo‘nalishidan 164 ball bilan yiqilganlar bo‘lgan. Lekin Andijon davlat universitetining “Tarixiga” 100 ball bilan o‘qishga kirishgan. Joriy yilda o‘sha 164 ball olganlar behudaga kuyib qolishmaydi, ular boshqa yo‘nalishlarga o‘z bali bilan kerak bo‘lsa byudjetga kirishadi. Bu esa ballar orasidagi katta tafovutni birmuncha yo‘qqa chiqaradi va ball ko‘tarilishiga ham turtki bo‘ladi;

Uchinchidan, testga kirganlar savollar yanada oson va soddaroq tuzilganini aytishmoqda, bu ham ballga bevosita ta’sir qiladi. Shuningdek, savollar namunalari axborotnoma shaklida hamda gazetada chop etib borilgani ham abituriyentlar ishini birmuncha osonlashtirdi (kimyodan savollar alohida muhokama talab qiladigan masala);

To‘rtinchidan, o‘tgan yili ilk marta katta pavilonlarda yangicha tartibda test o‘tkazilgandi. O‘qishga kiritish industriyasi vakillari o‘tgan yili biroz dovdiradi. Natijada qing‘irliklar nisbatan kam bo‘ldi, ko‘p narsani o‘xshata olishmadi. Ammo ular 1 yil mobaynida yaxshigina tayyorgarlik ko‘rishdi, qing‘irlikning yangidan-yangi yo‘llarini o‘ylab topishdi va o‘tgan yilgidan ancha muvaffaqiyatli ishlashganini taxmin qilish mumkin. Boz ustiga oldindan va’da qilingan barmoq izlarini aniqlash, mobil aloqani to‘sish qurilmalari kutilganiday ishlamadi. Aynan mana shu omil ham ballarni ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi;

Beshinchidan, o‘tgan yilgi tizimdan keyin ko‘pchilikda o‘qishga bo‘lgan ishonch va ishtiyoq birmuncha oshdi hamda jiddiyroq tayyorlanishdi, bu esa abituriyentlar saviyasining birmuncha o‘sishiga ta’sir qildi (bunisi ballar o‘sishiga eng kam ta’sir ko‘rsatgan faktor bo‘lsa kerak).

Xullas, joriy yilda mana shu omillar tufayli ballar o‘tgan yilgidan biroz balandroq bo‘lishi kutilmoqda. Lekin yana ham eng anig‘ini yakuniy natijalar chiqqandan keyin bilib olishimiz mumkin bo‘ladi.