Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ilmiy doiralar, dunyo ziyolilari tan olgan olim

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi turli mamlakatlardagi nufuzli ilm-fan markazlarining taniqli olimlari bilan onlayn seminarlar turkumini davom ettirmoqda.

Ana shunday seminarning navbatdagisi Turkiyaning Fotih Sulton Mehmet universiteti doktori, Qur’on, tafsir ilmlari bo‘yicha taniqli olim, moturidiyshunos Ahmad Damanhuriy ishtirokida tashkil qilindi, deb xabar bermoqda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.

Doktor Ahmad Damanhuriy Misr Arab Respublikasida tavallud topgan bo‘lib, ayni paytda Turkiyaning Istanbul shahrida istiqomat qiladi. 2015 yilda Al-Azhar universitetida “Imom Moturidiy va uning ilmiy uslublari” bo‘yicha falsafa fanlari doktori darajasini olgan. Qur’on, sunnat, aqida ilmlari bo‘yicha ko‘plab ilmiy asarlar yozgan. Hozirgi kunda mazkur universitetning islomiy bilimlar fakultetida katta ilmiy xodim, Misrdagi Islom bilimlarini masofaviy o‘qitish universitetida direktor, Misr Islom ishlari Oliy kengashida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritadi.

Onlayn seminarda olim Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asarini tasnif etishdagi uslubi haqida so‘z yuritdi. Qayd etilishicha, bu  faqat ta’limotga doir asar bo‘lib qolmay, unda fiqh va aqida barobarida axloq masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu sababli tafsir ilmi rivojida beqiyos o‘rin tutadi va aqidaviy muammolarni hal etishda qomusiy hisoblanadi.

- Bugun musulmonlarni Imom Moturidiyning asarlari yoki ahli sunna val jamoa aqidasiga tegishli boshqa manbalardan yaxshiroq xabardor qilish, ayniqsa, yoshlar bilan bu borada ko‘proq ishlash har qachongidan-da, muhim, – dedi Ahmad Damanhuriy. – Islomni niqob qilib, qabih ishlarni amalga oshirayotgan guruhlar hamon mavjudligi, muqaddas dinimizni bulg‘ab ko‘rsatish yo‘lidagi xatti-harakatlar hanuz davom etayotgan hozirgi sharoitda mana shu manbalar dasturilamal bo‘ladi. Xususan, Imom Moturidiy yuksak bilim va tafakkur bilan turli yot oqimlarga raddiyalar bergan.

Islom ilmlari akademiyasi rahbari shu bois aqida asoschisi bo‘lgan Imom Moturidiy yirik falsafiy olim ham hisoblanishini qayd etdi. Bu haqiqat ilmiy doiralar, dunyo ziyolilari tomonidan tan olingan.

Seminarda olim tadqiqotchilarni qiziqtirgan barcha savollarga ilmiy dalillar bilan, atroflicha javob qaytardi.