Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aldangan ayol taqdiri. Unga qanday ko‘mak berilyapti?

Ba’zan olisdagi osh ko‘zimizga shirin tuyiladi. Ammo har yerning ham toshu tarozisi borligini bilmaymiz. Toyloqlik Dilrabo opa uyidagi janjallar, gap-so‘zlardan bezdimi, o‘zga yurtdan iliqlik izlashga harakat qildi. Natija esa...

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning birinchi yarim yilligida 32 mingdan ortiq mehnat muhojirlari o‘z vataniga qaytarilgan, 10 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan, 15 ming nafari kasb-hunar ta’limi kurslarida o‘qigan, ulardan 4 600 ga yaqini yoqini yollanma ishchi.

Pandemiya paytida charter reyslar orqali yurtimizga qaytgan migrantlar orasida 41 yoshli Dilrabo opa ham bor. U o‘n yildan ortiq Rossiyada yashadi.

- 19 yoshimda turmushga chiqdim, - deya suhbatni boshlaydi ayol. - Oilaviy hayotim havas qiladigan emasdi. Qaynonam bilan doimiy janjallar oilamni barbod qildi. Ikki nafar farzandim bilan uyga qaytdim. Afsuski, u yerda hech kim meni kutmagan edi. Erta turmushga uzatilganim uchun qo‘limda hunarim yo‘q, farzandlarimni boqish uchun har qanday ishga rozi edim. Aka-ukam, opa-singillarim, ota-ona va hatto qo‘shnilarim ham meni qilmishimni qoralashardi. Doimiy janjallardan charchadim, xuddi hech kimga keraksizdek o‘zimni his qilardim. Oilamga og‘irligim tushmasligi uchun ammamnikida yashash uchun uydan chiqib ketdim.

Ikki yil o‘tgach, bir tanishi ayolga yaxshi daromad va barqaror ish va’da qilib, pul ishlash uchun Sankt-Peterburgga jo‘nab ketishni taklif qildi. Qarindoshiga o‘g‘illarini qoldirib, u Niva shahriga ketadi. Afsuski, bu yerda ayol aldanganligini tushundi.

- Vokzalda hech kim meni kutib olmadi, - deydi Dilrabo. – Shundagina aldanganimni bildim. Qayerga borishni bilmay, bir kecha-kunduz temir yo‘l vokzalida qolib ketdim. U yerda tojikistonlik mehnat muhojirlarini uchratdim. Ular meni bir kecha yashash uchun uyiga taklif qilishdi,  rozi bo‘lishdan boshqa ilojim yo‘q edi. O‘zga yurt, hech kimni tanimayman. Kvartiraga kelganimda, birinchi marta 8-10 kishilik mehnat muhojirlari ikki xonali uyda qanday yashashlarining guvohi bo‘ldim. Bu yerda ish topish qiyin emas edi. O‘n yil davomida ko‘p joyda ishladim: omborchi, farrosh, saralash xodimi... O‘zimga o‘xshagan muhojirga erga tegdim. Uch nafar farzandimiz tug‘ildi. Biz yetti yildan ortiq birga yashadik, lekin bir kuni u bolali ayolni olib kelib, uning yashash joyi yo‘qligini aytdi. Bir paytlar o‘zim ham o‘sha vaziyatda bo‘lganim uchun rozi bo‘ldim. Bir marta erim men bilan janjallashib, u ayolning xonasiga kirib, tunni u bilan o‘tkazganini ko‘rdim. Janjal qilishning foydasi yo‘q edi. Ikkinchi bor taqdirning shafqatsizligiga duch keldim. Boradigan joyim, bolalarim bilan yashashga pulim yo‘q edi. Biroz vaqt o‘tgach, erim Tojikistonga deportatsiya qilindi. Maoshim bolalarimni boqish u yoqda tursin kvartiraga to‘lashga ham zo‘rg‘a yetardi. Qiynalganimdan bolalarimni olib kvartirani tark etdim. Biz kun bo‘yi oldimizdan uy chiqqunicha yurdik, keyin uy egasidan tunni issiqxonada o‘tkazishni so‘radim. Rozi bo‘ldi. "Istiqbolli avlod" deb nomlangan Respublika ijtimoiy axborot markaziga qo‘shnilarim mendan xabar topish uchun qo‘ng‘iroq qilmaguncha, bir muddat issiqxonaga qaradim. Kunlardan bir kuni "Dobriy dom - Moskva" vaqtinchalik yashash markazining ko‘ngillilari biznikiga kelishdi, men u yerda uyga qaytgunimcha qoldim.

- Biz chet ellik ish beruvchilarga aldanganlarning sonini bilmaymiz, ammo barchaga yordam berishga harakat qilamiz, - deydi "Istiqbolli avlod" markazi Samarqand filiali advokati Firdavs Muhammadiyev. – Toyloq tumanida yashovchi ayol va farzandlari haqida eshitib, ularni vataniga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bordik. Ravot mahalla fuqarolar yig‘ini raisining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan biz ayolni hozirda hech kim yashamayotgan ota-onasining uyiga olib keldik. Hozir ayolni ish bilan ta’minlash va uni jamiyatga qo‘shilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz. Hovlisida issiqxona qurilyapti. Ayolning voyaga yetmagan bolalari uchun nafaqa tayinlandi. Yaqinda unga biometrik pasport ham  berildi.

Albatta, qaytib kelgan muhojirlar haqidagi voqealar har doim ham muvaffaqiyatli tugamaydi. Muhojirlarning munosib daromad izlab korxonalar ostonasini poylab yurganliklari haqida ko‘plab misollar mavjud. Mamlakatimiz rahbari joriy yilning sentyabr oyida muhojirlarning qiyinchiliklarini tushunib, "Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, migrantlarga moddiy va ijtimoiy yordam berilib, tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish rejalashtirilgan. Har bir mehnat muhojiri chet elga ishlashga jo‘natilishidan oldin kasblar va xorijiy tillar bo‘yicha o‘qitiladi va o‘z vataniga qaytib kelganlarga jamiyatning faol a’zosi bo‘lishiga ko‘mak, yangi biznesini boshlashga yordam beriladi.

Bundan tashqari, yangi yildan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga tenglashtiriladi va unga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo‘llaniladi.

Zamira Boltayeva.