Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Apellyasiya – murojaat

"Apellyasiya", "Apellyasiya instansiyasi" atamalarining izohi hamda sudlarga shikoyat keltirish huquqi, muddati hamda tartiblari haqida bilmoqchi edim?

Baxtiyor IN’OMOV, Past Darg‘om tumani.

Apellyasiya - lotin tilidan olingan bo‘lib, "murojaat" degan ma’noni anglatadi. Apellyasiya instansiyasida birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarorlari, ajrimlari ustidan keltirilgan shikoyatlar ko‘rib chiqiladi.

Apellyasiya instansiyasi - sud qarorlarining qonuniy va asosli bo‘lishini tekshirish uchun ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki prokuror tomonidan ikkinchi instansiya sudi faoliyatining qo‘zg‘atilishi va bunday tekshirishning amalga oshirilishini tartibga soladigan protsessual normalar yig‘indisidir.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual kodeksining 383-387-moddalarida apellyasiya shikoyati (protest) berish huquqi va muddati, shikoyatini (protest) keltirish tartibi, shikoyatning (protestning) mazmuni hamda shikoyatga (protestga) ilova qilinadigan hujjatlar aniq belgilab qo‘yilgan.

Mazkur talablarga ko‘ra, taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan boshqa shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar sudning hal qiluv qarori ustidan ushbu qaror chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida apellyasiya tartibida shikoyat qilishi, prokuror protest keltirishi mumkin.

Sherjahon ZAYNIDDINOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudya katta yordamchisi.