Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ayolga eri yoki boshqa yaqinlari tomonidan tazyiq o‘tkazilsa, unga himoya orderi ochiladi

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, asosiy qahramonlari ayollar,  qizlar bo‘lgan shov-shuvli, achinarli, g‘aroyib voqealarga guvoh bo‘lasiz.

Misol uchun, viloyatimizning Kattaqo‘rg‘on tumanida ichki ishlar xodimi tomonidan xo‘rlangan ayol, giyohvand eri tomonidan qattiq kaltaklangan  bulung‘urlik 10 kunlik kelinchak, yoshi bir joyga yetib, quda andali, nabirali bo‘lganida erining qo‘lida vahshiylarcha o‘ldirilgan urgutlik ayol nozik jins  vakilalari edi.

O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni keng jamoatchilik, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolar uchun iliq kutib olindi va barcha joylarda qizg‘in muhokama etilmoqda.

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida O‘zLiDeP Samarqand   viloyat kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan tashkil etilgan amaliy seminarda bu qonun xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Viloyat va shahar xotin qizlar qo‘mitalari raislari, ichki ishlar, adliya boshqarmalarining mas’ul xodimlari, Reproduktiv salomatlik markazi  mutaxassislari ishtirok etgan seminarda ma’ruzachilar tomonidan mazkur qonunning bugungi vaziyat taqozosi ekanligiga misollar keltirildi.

Ayolni kimdan, nima uchun va qanday yo‘l bilan himoya qilish kerak? Qonunda keltirilganidek, endilikda oilada ayolga eri tomonidanmi yoki boshqa yaqinlari tomonidan tazyiq o‘tkazilsa, uning murojaatidan so‘ng  unga himoya orderi ochiladi. Bu order ayolga ichki ishlar idorasi tomonidan beriladi. Yoki bu masalada ayol sudga murojaat etganda, undan davlat boji undirilmaydi va hokazo...

Tadbirda xotin-qizlar o‘rtasidagi tartibbuzarliklar,  jinoyatchilik, giyohvandlik va suitsidlarning oldini olish, ularni o‘ylantirayotgan va oqibatda yo‘ldan chiqarayotgan muammolar monitoringini o‘tkazish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga tibbiy-ijtimoiy, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish masalalariga ham ahamiyat berildi.

Seminarda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ishtirok etdi.

Gulchehra BERDIYoROVA.